SamDAQI talabalarini yotoqxonaga joylashtirish onlayn amalga oshiriladi
2022-2023 o‘quv yilida Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida talabalar turar joylariga joylashish yuzasidan arizalar berish onlayn tartibda joriy yilning 12 sentyabridan 18 sentyabrigacha (shu kuni ham) qabul qilinadi. Bu haqda institut axborot xizmati ma’lum qildi.
Arizalar fakultet ishchi guruhlari tavsiyasini inobatga olgan holda institut komissiyasi tomonidan 23 sentyabrga qadar ko‘rib chiqiladi.
Talabalar turar joylaridagi o‘rinlar soni cheklanganligi tufayli xorijiy davlatlar fuqarolari, nogiron (1- va 2-guruh), chin yetim talabalar, “temir daftar”, “ayollar daftari”da turuvchi oila farzandlari, “yoshlar daftari”da turuvchi talabalar hamda uzoq viloyatlar va tumanlardan kelgan talabalarga joylashishda birinchi navbatda ustunlik beriladi.
Birinchi bosqich talabalarini joylashtirish o‘quv jarayonlari boshlanganda, 26 sentyabrdan keyin ham davom etadi.
Bundan tashqari, Samarqand shahriga yaqin bo‘lgan tumanlardan keluvchi talabalarga ijara xonadonlarga joylashish tavsiya etiladi. Ijara xonadon egasi bilan belgilangan tartibda shartnoma rasmiylashtirilgan taqdirda ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi (150 ming so‘mgacha bo‘lgan qismi) byudjet mablag‘lari hisobidan har oy qoplab beriladi.
Ijarada turish istagi bor talabalarga “Talabalar uchun ijaraga turar joy izlash portali” faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ijara.edu.uz platformasi orqali turarjoy topishlari mumkin. Talabalarga yordam ko‘rsatishga guruh tyutorlari mas’ul etib belgilangan.
Bugungi kunda SamDAQI talabalar turarjoyi 3 ta binodan iborat bo‘lib, jami 1150 o‘ringa mo‘ljallangan.
Institut Kengashi qaroriga ko‘ra, Mirzo Ulug‘bek nomidagi Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutining 1, 2 va 4-son talabalar turar joylarida istiqomat qilganlik uchun to‘lov miqdorlari bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar, kengash a’zolari tomonidan bildirilgan fikr va mulohazalar asosida 2022 yil 1 oktyabrdan boshlab institut talaba (tinglovchi)lari uchun bir oyga 145 ming so‘m (o‘zgarishsiz) etib belgilandi, deyiladi xabarda.