SamDChTI professor-o‘qituvchilari AQShda malaka oshiradi

Kecha AQShning O‘zbekistondagi muxtor elchisi Deniyel Rozenblyum Samarqand davlat chet tillar institutida bo‘ldi.

Uchrashuvda tomonlar institutda ingliz tilini o‘qitishni yanada rivojlantirish maqsadida malakali xorijlik mutaxassislarni jalb etish, AQSh elchixonasi ko‘magida professor-o‘qituvchilarning malaka oshirishlarini tashkil etish, xorijlik mutaxassislar bilan hamkorlikda yangi o‘quv darsliklarini yaratish, birgalikda konferensiya va madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil qilish hamda turli grant, loyihalarida hamkorlikda ishtirok etish kabilarga kelishib oldi.

Shuningdek, Deniyel Rozenblyum institutda AQSh elchixonasi ko‘magida tashkil etilib, faoliyat ko‘rsatib kelayotgan STEM (science, technical, engineering, mathematics) loyihasi a’zolari bilan tanishdi va ularning o‘quv mashg‘uloti davomida havola etilgan taqdimotlarini kuzatdi.

Eslatma, STEM (science, technical, engineering, mathematics) loyihasida Samarqand viloyatidagi oliy o‘quv yurtlarining matematika, fizika, biologiya, kimyo, qishloq xo‘jaligi, axborot texnologiyalari, muhandislik kabi filolog bo‘lmagan mutaxassislik fakultet talabalari uchun ham bepul ingliz tili kurslari tashkil etilgan bo‘lib, o‘quv mashg‘ulotlari Amerikadan kelgan malakali o‘qituvchilar tomonidan olib boriladi.

Asilbek ABDURAIMOV.