SamDTI mamlakatda birinchilar qatori xalqaro ISO sertifikatini oldi
Samarqand davlat tibbiyot institutida “Yuqumli kasalliklar – dolzarb masalalar, yutuqlar, aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilishga innovatsion yondashuvlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.
Anjumanda zamonaviy tibbiyot, jumladan, yuqumli kasalliklar, parazitar kasalliklar, Covid-19 va OIV infeksiyasining muammolari muhokama etildi. Konferensiyada infeksionistlar, parazitologlar, terapevtlar, pediatrlar, UASh shifokorlari, boshqa tibbiyot sohasi vakillari qatnashdi.
Konferensiya ochilishida Slovakiyaning favqulodda va muxtor elchisi Yan Bori Samarqand davlat tibbiyot institutiga xalqaro ISO sertifikatini topshirdi.
– Mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari orasida birinchilar qatori institutimizning xalqaro ISO sertifikatiga ega bo‘lganidan judayam mamnunmiz, – deydi SamDTI rektori, professor Jasur Rizayev. – Bu ta’lim jarayoni xalqaro standartlarga mos ravishda davom etayotgani, xalqaro reytinglarga kirish imkoniyatimiz oshib borayotganini ifodalaydi. Institutimiz nafaqat yurtimizda, balki chet elda ham o‘z maqomiga ega bo‘lganini anglatadi.
Tadbir bevosita onlayn tarzda kuzatib borildi. Xususan, sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i, Davlat bosh sanitariya vrachi Bahodir Yusupaliyev, Rossiya Federal tibbiy-biologik agentlikning "Yuqumli kasalliklar bo‘yicha bolalar ilmiy-klinik markazi" prezidenti, akademik Yuriy Lobzin, Ukraina Milliy tibbiyot fanlari akademiyasi akademigi Mixail Andreychin, Astraxan davlat tibbiyot universiteti prezidenti Xalil Galimzyanov, AQShning "Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy markazi direktori Daniel Singer va boshqalar anjumanning ahamiyati haqida o‘z fikrlarini bildirdilar.
Samarqand davlat tibbiyot instituti axborot xizmati.