Sanepidqo‘mita viloyat boshqarmasida “Ustoz va murabbiylar kuni”ga bag‘ishlab soha faxriylari uchun sayohat tashkil etildi
Dastlab boshqarmada uzoq yillar mobaynida faoliyat olib borgan faxriylar ishtirokida bayram tadbiri o‘tkazildi. Shundan so‘ng faxriylar uchun “Hazrati Xizr” ziyoratgo va “Boqiy shahar” majmuasiga sayohat tashkil qilindi.
- 43 yildan beri shu sohada faoliyat olib boraman, - deydi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasi mutaxassis shifokori Asolat Ergasheva. – Bu kabi tadbirga faoliyatim davomida ilk bor guvoh bo‘lib turibman. Inson qaysi sohada faoliyat olib bormasin, u mahoratli ustozga ehtiyoj sezadi, albatta! Menga ta’lim-tarbiya bergan ustozlarimdan, shuningdek, shu kungacha mehnatlarim samarasini ko‘rsatib kelayotgan shogirdlarimdan minnatdorman.
Bayramona ruhda o‘tgan tadbirda Samarqand viloyati hokimi o‘rinbosari Rustam Qobilov, O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining viloyat kengashi raisi Suxrob Rafiqov ishtirok etib, yaqinlashib kelayotgan “Ustoz va murabbiylar kuni” munosabati bilan ishtirochilarni tabrikladi.
Tadbir yakunida, sog‘liqni saqlash tizimini xalqaro standartlar asosida rivojlantirish borasida ko‘p yillik samarali mehnat qilgan hamda hamda ijtimoiy hayotda faol ishtirok etayotgan sohaning bir guruh fidoyi vakillariga viloyat hokimligi hamda Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi viloyat boshqarmasining tashakkurnomalari topshirildi.
Jasurbek ShUKUROV.