Sarhisob: Pistadan lalmi g‘alladan ko‘ra 40 barobar yuqori daromad olinadi
Pistachilik hozirgacha Samarqandda ishga solinmagan imkoniyat bo‘lib kelayotgandi. Bu yo‘nalishda 10 ming gektar maydonda pistazorlar barpo qilish rejalashtirilgan. Joriy yil bahor oylarida 1,2 ming gektar maydonda xondon pista ko‘chatlari ekildi.
- Misol uchun, Past Darg‘om tumanidagi “Charos agro uzumlari” MChJda 600 gektar maydonda pista parvarishlanmoqda, - deydi viloyat qishloq xo‘jalik boshqarmasi shu’ba boshlig‘i Toyir Duvlanov. - Ilgari ushbu maydonlarda lalmi g‘alla ekilib, yog‘ingarchilik yaxshi bo‘lgan yillarda gektaridan o‘rtacha 1-1,5 tonna hosil olinib, 4-4,5 million so‘m daromad qilingan yoki yerdan yaylov sifatida foydalanib kelingan. Pista hosilga kirgach, gektaridan 1-3 tonna (bir tupidan 5 kilogramm) hosil olinsa, 117-120 million so‘m (ulgurji narxi bir kilogramm 80-90 ming so‘m) daromad olinadi. (lalmi g‘alladan 40 barobar yuqori).
Viloyatda dengiz sathidan 500-1200 metr balandlikda pistazorlar barpo qilish imkoni bo‘lgan 120 ming gektar foydalanilmaydigan yer mavjud. Agar 10 ming gektar maydonga pistazor barpo qilinsa, jami 490 milliard so‘m daromad olish mumkin.
Agrologistika - agrar sohaning muhim yo‘nalishi
Hozirda viloyatimizda quvvati 211 ming tonnalik 10 ta agrologistika markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 11,5 ming gektar intensiv bog‘, issiqxona va ekin maydoni, 65 ming tonna quvvatdagi muzlatkich va omborxona, 70 ta maxsus texnika mavjud. Shuningdek, 200,2 ming tonna sig‘imga ega 251 ta saqlov ombori ishlab turibdi. Yilning birinchi yarmida quvvati 4,8 ming tonna bo‘lgan 3 ta muzlatkich qurilib, foydalanishga topshirildi.
Misol uchun, Bulung‘ur tumanida “Nursulton Kamronbek savdo” MChJ tomonidan 500 tonnali saqlash omborxonasi tashkil etildi.
Tahlillarga ko‘ra, 2024 yil yanvar-iyun oylarida meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksporti uchun 182,4 million dollar reja qilinib, hozirgacha 136,4 million dollarlik mahsulot sotilgan. Viloyatda eksport ko‘rsatkichida Paxtachi 14 foiz, Nurobod 20 foiz, Narpay 29 foiz, Kattaqo‘rg‘on shahar 38 foiz, Ishtixon 38 foizlik past ko‘rsatkich qayd etdi.