“Saxovat va ko‘mak” fondiga beg‘araz yordam bergan tadbirkorlarning soliq to‘lovlaridagi imtiyozlari uzaytirildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2020 yil 20 iyulda «Koronavirus pandemiyasining salbiy ta’sirini kamaytirish uchun aholi, tadbirkorlik sub’yektlari, umumiy ovqatlanish, savdo va xizmatlar sohasini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni qabul qildi.
Unga ko‘ra, 2020 yil 1 iyuldan 2020 yil 31 dekabrga qadar:
- umumiy ovqatlanish korxonalari va binolarni ijaraga berishga ixtisoslashgan korxonalar aylanmadan olinadigan soliqni to‘lashdan ozod etiladi;
- jismoniy shaxslar ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan daromadlar bo‘yicha jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i to‘lashdan ozod etiladi;
- mol-mulkini (binolar va avtomobil transporti) ijaraga beruvchi jismoniy shaxslarga soliq maqsadida ijara to‘lovlarining eng kam stavkalarini qo‘llash tartibi to‘xtatib turiladi;
* 2020 yil 1 apreldan 2020 yil 31 dekabrga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imni to‘lashdan ozod qilinadi;
* umumiy ovqatlanish korxonalariga alkogol mahsulotlarini yetkazib berish orqali sotish huquqi beriladi.
* 2021 yil 1 iyulga qadar umumiy ovqatlanish korxonalari karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab Vazirlar Mahkamasi tomonidan o‘rnatilgan joylashtirish, qurish va foydalanish bo‘yicha vaqtinchalik talablarga rioya qilgan holda hamda tuman (shahar) hokimliklarini xabardor qilish orqali iste’molchilarga ovqatlanish xizmatlarini ko‘rsatish uchun o‘zlariga tutash bo‘sh yer uchastkalarida yengil konstruksiyalarni bepul joylashtirish va qurish huquqiga ega bo‘ldi.
* 2021 yil 1 iyulga qadar karantin cheklovlarining bekor qilinishiga qarab tadbirkorlik sub’yektlariga mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan shartnoma tuzmasdan davlat soliq xizmati organlarini savdo muddati, mahsuloti va transport to‘xtashi taqiqlanmagan joylarni ko‘rsatgan holda xabardor qilish orqali avtodo‘kon, avtomagazin, avtotirkama, avtotsisterna va fudtraklar orqali savdo qilish huquqi berildi.
* 2020 yilda respublika Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan belgilangan hollarda, soliq to‘lovchilarga soliq hisobotlarini taqdim etish muddatlarini besh kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga kechiktirganlik uchun jarima solinmaydi.
* O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondiga, “Saxovat va ko‘mak” fondiga, “O‘zbekiston mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga, shu jumladan, ularning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tumanlar va shaharlardagi bo‘linmalariga beg‘araz yordam berish (beg‘araz yordam olish) qismida foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i bo‘yicha imtiyozlarning amal qilishi 2020 yil 31 dekabrga qadar uzaytirildi.