Shavkat Mirziyoyev Gurbanguli Berdimuhamedov bilan uchrashuv o‘tkazdi

Turkmaniston Prezidentining O‘zbekistonga amaliy tashrifi 28 noyabr kuni ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi bilan boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ikki tomonlama munosabatlarning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqdilar va ularni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgan ko‘p qirrali hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.

Muzokaralar chog‘ida amaliy hamkorlik masalalariga, jumladan, o‘zaro savdoni ko‘paytirish, mashinasozlik, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va boshqa ustuvor tarmoqlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.

Hududlar o‘rtasida, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada faol aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Toshkentda o‘tkaziladigan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ikkinchi Maslahat uchrashuvi mintaqada do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilishi xususida yakdil fikr bildirdilar.