Shvetsiya mudofaa byudjeti "Rossiya tufayli" keskin oshiriladi

Shvetsiya parlamenti mamlakatning mudofaa byudjetini kelgusi besh yilga birdan 40 foizga oshirishni qo‘llab-quvvatladi. Bu qirollikning so‘nggi 70 yil ichidagi harbiy xarajatlarida eng katta o‘sish. Byudjetni oshirish zarurati mintaqadagi keskinlik o‘sish bilan, xususan, Rossiya harakatlari va yaqin o‘n yillik davrda uning harbiy salohiyatining o‘sish ehtimoli bilan izohlanadi.

«Bu yangi xavfsizlik holatiga Rossiyaning Gruziyaga qarshi tajovuzi, Qrimning qo‘shib olinishi, Ukrainadagi mojarolar, Belarusdagi harakatlar, Rossiyaning harbiy salohiyatining oshishi, keng qamrovli mashg‘ulotlar, Arktika va Boltiq dengizi mintaqasidagi faollik sabab. Biz yangi xavfsizlik muhiti va ularni siyosiy maqsadlarga erishish uchun harbiy kuchlardan foydalanishga tayyor ekanligini ko‘rdik», dedi Shvetsiya mudofaa vaziri Piter Xultkvist.

2025 yilga qadar Shvetsiya mudofaa byudjeti qariyb 9 milliard yevro (89 milliard kron)ga yetishi kutilmoqda. Mablag‘ning bir qismi qurollanishni modernizatsiyalash va kiberxavfsizlik borasida mamlakatning mudofaa hamda hujum salohiyatini oshirishga yo‘naltiriladi.

"Shvetsiya kompaniyalari, hukumati, qurolli kuchlar, davlat idoralari, turli tashkilotlarga qarshi hujumlar ro‘y bermoqda. Ba’zida bu har kun sodir bo‘lyapti, shuning uchun oldimizda bunday muammo doimo bo‘ladi", deya ta’kidladi vazir.

Xullas NATOga a’zo bo‘lmagan Shvetsiya o‘z mudofaasi uchun yalpi ichki mahsulotning 1,1 foizini sarflamoqda. 2030 yilga kelib Shvetsiya qurolli kuchlar miqdori 55 ming kishidan 90 ming kishiga oshiriladi.