Karantindan voz kechgan Shvetsiya koronavirusga qarshi kurashda muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi

Koronavirusning birinchi to‘lqini vaqtida karantin joriy etmagan Shvetsiya pandemiyaga qarshi ommaviy immunitetni shakllantirish shaklidagi yondashuvining muvaffaqiyatsizlikka uchraganini tan oldi. Bu haqda 13 noyabr kuni Lenta.ru nashri xabar berdi.

Shvetsiya bosh epidemiologi Anders Tegnell hukumatlari karantindan voz kechmagan qo‘shni Finlyandiya va Norvegiya bilan taqqoslaganda, mamlakatda COVID-19 ning ikkinchi to‘lqini davrida epidemiya bilan bog‘liq vaziyat yaxshilanishi to‘g‘risidagi amalga oshmagan umidlar haqida so‘zladi.

Ma’lum qilinishicha, ayni vaqtda Shvetsiyada koronavirus infeksiyasi tashxisi bilan shifoxonalarga yotqizilayotgan bemorlar soni Yevropa bo‘ylab eng tez ko‘paymoqda. Stokgolmda topshirilgan har beshinchi test tahlili natijasi ijobiy bo‘lib chiqmoqda.

Virusolog Lena Eynxorn ham Shvetsiyaning COVID-19 ga qarshi olib borgan kurashi muvaffaqitsizlikka uchraganini ma’lum qildi. Ayni vaqtda mamlakatda aholi jon boshiga hisoblaganda kasallanish holatlari Finlyandiyaga nisbatan sakkiz barobar, Norvegiyaga nisbatan 3,5 barobar ko‘p.