"Sichqon-mushuk" o‘yiniga qachon barham beriladi?
- Yana "BAM"ga "Damas" yo‘qmi?
- Ha, bugun ham reyd bo‘layotganga o‘xshaydi. Endi nima qilamiz?
Bu gapni Samarqand shahar Kimyogarlar shaharchasi ("BAM", SUPER)da yashovchilardan tez-tez eshitish mumkin. Chunki Narpay yo‘lining boshlanishidan Temir yo‘l vokzaligacha hamda Narpay yo‘li boshidan Buyuk Ipak yo‘ligacha qatnaydigan "Damas"lar noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi. Tabiiyki, ularning faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida vaqti-vaqti bilan maxsus reydlar o‘tkazilib, noqonuniy kirakashlik qilayotgan "Damas"chilar jarimaga tortiladi. Bu tadbirlar yuqorida qayd qilingan suhbatlarga sabab bo‘ladi.
- Kimyogarlar shaharchasidan 6, 15-raqam bilan hamda "Super - Povorot" yo‘nalishida yuzdan ziyod "Damas" rusumli avtomashinalar noqonuniy yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanadi, - deydi viloyat transport boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Artur Gevorgov. - Biz hamkor tashkilotlar bilan bu noqonuniy faoliyatning oldini olish maqsadida reydlar o‘tkazamiz. Baribir bunga chek qo‘yishning imkoni bo‘lmayapti.
Ma’lumotlarga qaraganda, bugun Kimyogarlar shaharchasida 6 mahallada 26 ming nafar aholi istiqomat qiladi. Ularning ko‘pchiligi Samarqand shahrining markaziy hududlarida ishlaydi yoki o‘qiydi. Tabiiyki, transport xizmatiga talab ham shunga yarasha.
A.Gevorgovning aytishicha, ayni paytda hududga 99, 93, 15, 6-raqamli avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, 15-raqamli yo‘nalishida 15 daqiqalik oraliq masofa bilan 8 ta avtobus, 6-raqamli yo‘nalishda 10 daqiqalik oraliq masofa bilan 6 ta avtobus qatnaydi. "Damas" rusumli avtomobilda yo‘lovchi tashiyotganlar ham aynan shu ikki yo‘nalishda qatnaydi.
- Ish joyim shahar markazida bo‘lganligi uchun qatnab ishlayman, - deydi Shukrona mahallasida yashovchi Shaxriddin Qo‘shmurodov. - Ertalab 6-avtobusga chiqsangiz har qadamda to‘xtab, manzilingizga yarim soatdan ko‘p vaqtda yetkazadi. Kechqurun 19:30 keyin bu yo‘nalishda avtobus bo‘lmaydi, taksilar shahar ichidan 10 ming so‘mdan kamiga biz tomonga olib bormaydi. Shu bois, "Damas" ham arzon, ham manzilga tez yetkazishi, qolaversa, tunda ham qatnagani tufayli ko‘pchilik shu xizmatdan foydalanadi.
Ha, o‘rtadagi tafovut katta. Mutaxassis aytgan 100 dan ortiq noqonuniy "Damas" to‘xtasa, ular tashiyotgan yo‘lovchilar manziliga qanday yetib boradi? Ular turli sabablarga ko‘ra, 14 ta avtobusga minishni istamasa nima qilishi kerak? Kech soat 19:30 dan keyin manziliga yetib olish uchun doim mablag‘ yetarli bo‘lmasligi ham mumkinku. Shu sababli hududga "mashrutka" qo‘yilsa bo‘lmaydimi?
- Muayyan yo‘nalishda yo‘lovchi tashish faoliyatini yo‘lga qo‘yish bizning vakolatimizga kirmaydi, - deydi A.Gevorgov. - Yangi yo‘nalish ochish yoki ochmaslikni IIB YHXB, davlat soliq inspeksiyasi kabi tashkilotlardan iborat komissiya hal qiladi.
Shu o‘rinda tabiiy savol tug‘iladi: noqonuniy yo‘lovchi tashiyotgan "Damas"lar faoliyatiga chek qo‘yish maqsadida IIB YHXB, davlat soliq inspeksiyasi hamda transport boshqarmasi vakillari tomonidan reydlar o‘tkaziladi. Vaziyatdan xabardor bu uch tashkilot yangi yo‘nalishdagi "marshrutkalar" faoliyatini tashkil etsa yoki o‘sha noqonuniy 100 dan ziyod "Damas"chilar faoliyatini qonuniylashtirsa maqsadga muvofiq emasmi?
Shusiz ham noqonuniy yuritilayotgan faoliyat qonuniylashib, byudjetga soliq tushumi ko‘payardi. "Damas"chilar va IIB YHXB xodimlari o‘rtasida "sichqon-mushuk" o‘yiniga barham berilib, Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi odamlar ko‘rsatilayotgan transport xizmatidan rozi bo‘larmidi?
Olim Sonniboyev.