“Damas” da yo‘lovchilarni tashish, karaoke va bilyard zallari, SPA salonlari faoliyatiga ruxsat berildi
O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasining yig‘ilish bayoniga ko‘ra, ba’zi faoliyat turlariga ruxsat berildi.
Hujjatning 6-bandiga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning iqtisodiyot tarmoqlari faoliyati barqarorligini ta’minlash, shuningdek, ayrim xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarni qo‘llab-quvvatlash va ish o‘rinlarini saqlab qolish maqsadida sanitariya qoidalar, normalari, gigiyena normativlariga va Respublika maxsus komissiyasi tomonidan belgilangan sanitariya-epidemiologik tartiblarga qat’iy rioya etgan holda «Damas» rusumli va boshqa barcha turdagi avtotransport vositalarida yo‘lovchilarni tashish, karaoke va bilyard zallari, SPA salonlari faoliyatiga ruxsat berildi.