Samarqandda kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan yo‘lovchi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi ayrim korxonalar faoliyati 10 kunga to‘xtatildi

Keyingi vaqtlarda jamoat transporti bilan bog‘liq muammolar ko‘plab yo‘lovchilarning e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Mazkur noroziliklarning asl sababini topish, yuzaga kelayotgan kamchiliklarni bartaraf qilish yuzasidan Samarqand viloyati transport boshqarmasida maxsus ishchi guruh tuzilib, holat tanqidiy-tahliliy o‘rganilmoqda.

Ishchi guruh tomonidan jamoat transportida yo‘lovchilarga xizmat qilayotgan avtobuslarning texnik talablarga qay darajada amal qilayotgani, sanitariya qoidalari va me’yorlari, haydovchilarning maxsus ish kiyimi bilan ta’minlanganligi, muomalasi va boshqa jihatlari ko‘zdan kechirildi.

O‘rganish davomida yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan avtobuslarning ayrimlari texnik jihatdan talabga javob bermaydi. Xo‘sh, texnik jihatdan ko‘rikdan o‘tmagan avtobus qanday qilib yo‘nalishga chiqarilgan? Avtobus saloniga belgilangan tartibda o‘rnatilgan o‘rindiqlar ataylab olib tashlangani, o‘tirgichlardagi niqoblar eskirganligidan yirtilib ketgani nahotki, tegishli mutasaddilarning nazariga tushmagan?

Bundan tashqari, yo‘nalish raqamini ko‘rsatuvchi maxsus andaza (trafaret)lar o‘rniga oddiy qog‘oz yopishtirilganligiga ham guvohi bo‘lindi. Ba’zi avtobuslar tasdiqlangan jadvallar asosida emas, o‘zi xohlagan yo‘nalishda qatnayotganligini qanday izohlash mumkin?

Bu kamchiliklar yo‘lovchi tashish xizmati bilan shug‘ullanayotgan “Suxrob trans servis xatu” MChJ, “Arxediya motors” MChJ, “Afrosiyob trans servis” MChJ, “Samarqand sayqal trans” MChJ, “Toxir - r” xususiy korxonasi, “Sevinch trans servis” MChJga qarashli avtobuslarda kuzatildi.

Aniqlangan nuqsonlar yuzasidan boshqarmada tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Unda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar tanqidiy tahlil qilindi. O‘z ishiga sovuqqonlik bilan qaragan soha mutaxassislariga ogohlantirishlar berildi. Litsenziatlarga qo‘yilgan talablar va shartlarga rioya etmaganligi uchun yuqorida ta’kidlangan korxonalarga berilgan litsenziya varaqalarining amal qilish muddatini 10 (o‘n) ish kuniga to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Kamchiliklarni bartaraf etish o‘rniga loqaydlik qilgan mutasaddi rahbarlar zimmasiga qoidabuzarliklarni o‘n ish kuni ichida bartaraf etish majburiyati yuklatildi. Maxsus ishchi guruhga sohadagi kamchiliklar bartaraf etilmaguncha, o‘rganish ishlarini davom ettirish vazifasi topshirildi.

Samarqand viloyati transport boshqarmasi axborot xizmati.