“Damas” haydovchilarining aybi nimada?
O‘tgan hafta har galgiday “Damas” mashinasida ishga otlandim. Manzilga yetib kelmasimizdan yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari to‘xtatdi. Va, qo‘shma reyd bo‘layotganligini haydovchiga tushuntirdi. Yo‘lovchilar bilan yo‘l narxlarini surishtirgandan so‘ng, mashina biz boradigan manzilga emas, boshqa joyga ketishini ma’lum qildi. Shundan so‘ng yo‘lovchilar mashinadan tushib, borar manziliga piyoda ketishga majbur bo‘ldi.
Xo‘sh, bu yo‘lovchilarning aybi nima? Insoniylik jihatdan bo‘lganda ham yo‘lovchilarni manziliga yetkazgandan so‘ng haydovchiga chora ko‘rsa bo‘lmasmidi? To‘g‘risini aytganda, haydovchi xato ham qilgani yo‘q. Faqat aybni “Damas” mashinalaridan izlash kerakmi? Agar bunday bo‘ladigan bo‘lsa, endi aholi “Damas” mashinalariga minmaydimi? Nega boshqa mashinalar yurib ketayotganda borib, sizning bir hujjatingizni ko‘rib qo‘yaylik deyilmayapti. Boshqa mashinalar ham taksilik qilayapti-ku!? Yoki ularning hammasida ham litsenziya bormi?
Qo‘shma reyd qilayotganlar nega Payariqda avtobus yoki avtoturargoh bo‘yicha masalani ko‘tarmaydi? Ularning ishi faqat jarimaga tortishmi? Xo‘p, ularning ishi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash va jarimaga tortish bo‘lsa, deputatlar nega jim? Nahotki, mana shu haydovchilar uchun bitta avtoturargoh tashkil qilish shunchalik qiyin bo‘lsa? Ko‘pchiligining litsenziyasi bor, davlatga soliq to‘layapti. Nega endi ular ko‘chama-ko‘cha izg‘ib yurishi kerak?
Hozir jarimalar ham falon summani tashkil etadi. Lekin qoida buzishlar shunaqa ko‘payib ketdiki, so‘z bilan ifodalash qiyin. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, qoidani birinchilardan bo‘lib, “Damas” haydovchilari buzishayapti. Chunki ular avtobus o‘rnida xizmat qilayapti. YHX xodimlari ham, “Samtrans” xodimlarining ham bilgani “Damas” - aylantirib ushlayveradi. Endi odamlar “Damas” olganiga aybdormi?
Mana, markaziy shifoxonaning oldiga boraylik. Istagancha qoidabuzarlik. Bu yerga mashina qo‘yish mumkin emas, degan belgi otning kallasiday qilib osib qo‘yilgan. Buni hamma biladi. Lekin shu yerga qo‘yib odam olmasa bo‘lmaydi. Ana sizga yo‘l qoidasini buzish! YHX xodimlariga ham shu kerak - to‘g‘ri shu yerga kelaverishadi.
Xulosa shuki, bugun nafaqat tuman markazida balki qishloq joylarda ham mashinalar ko‘payib ketdi va bu ko‘rsatkich kundan-kunga o‘sishda davom etyapti. Shunday ekan, bu og‘riqli muammoni bir o‘ylab ko‘rsalar yaxshi bo‘lardi. Nahotki, tuman markazidan bitta avtoturargoh tashkil qilishning iloji bo‘lmasa? Bo‘ladi. Faqat hafsala kerak.
Husniddin XOLDOROV,
Payariq tumani.