Reyddan avval yo‘lovchi tashishni qonuniy yo‘lga qo‘yishni tashkil etish kerak emasmi?

Zarnews.uz saytida “Ishtixon tumanida talab darajasida transport xizmati ko‘rsatilayaptimi?” maqolasini o‘qib, o‘zim guvoh bo‘lgan bir holat yodimga tushdi.

Yaqinda Qurbon hayiti bayrami oldidan qishloqqa yo‘l oldik. Samarqanddan Qo‘shrabotga 20 ming so‘mga “Keling-keling” bilan olib boradigan taksichilar bayramdan bir kun oldin yo‘l haqini 30 mingga ko‘tarib olgan. Haydovchilardan buning sababini so‘raganimizda “Minsangiz shu, bo‘lmasa o‘zingiz bilasiz”, degan javobdan nariga o‘tishmadi. Na iloj, mashinaga o‘tirdik.

Qo‘shrabotga yetib borganimizda biz bundan-da “ajoyib manzara”ga duch keldik.

Havo issiq. Qo‘shrabot tumani markazidan Zarkent qo‘rg‘oniga boruvchi birorta taksi yo‘q. Aytishlariga qaraganda yo‘lda “GAI” turgan ekan, biroq ajablanarlisi bu yo‘nalishda qonuniy yo‘lovchi tashish yo‘lga qo‘yilmagan. Shu bois, Qo‘shrabot tumani markazidan Zarkent qo‘rg‘oniga qatnovchi taksilarning birortasida litsenziya yo‘q.

To‘xtagan mashinaga “Olib keting”, desangiz, “Ilojim yo‘q, yo‘lda reyd bo‘layapti”, deydi. Issiqdan qiynalib manziliga tezroq yetishni istayotganlar orasida keksalar, qo‘lida chaqalog‘ini ko‘tarib olgan ayollar ham bor. Ammo har kuni huzur-halovatda qatnab turgan taksichilardan darak yo‘q.

Xo‘sh, nega yo‘l harakati xavfsizligi xodimlarining aynan bayram kuni noqonuniy taksichilarni nazorat qilish esiga tushib qoldi? Nazorat qilar ekan, nega noqonuniy kirakashlar o‘rniga muqobil xizmat yo‘lga qo‘yilmaydi?

Reyd o‘tkazayotgan YHX xodimlari “Qo‘shrabot–Zarkent” yo‘nalishida birorta qonuniy avtobus yoki marshrut qatnamasligini bilisharmikan? Prezidentimizning odamlarni rozi qilamiz, odamlar nimani xohlasa shuni qilamiz, deganini “GAI” xodimlari odamlarni ko‘chada qoldirish kerak deb, tushunishayaptimi?

Olim Sonniboyev.