Viloyat transport tizimida tanish-bilishchilik, talon-torojliklar boshlandimi?

Yaqinda viloyat hokimligi mutaxassislari tomonidan yoqilg‘i-moylash materiallari uchun mo‘ljallangan sisterna ortilgan, davlat raqami belgisi 30Q844VA bo‘lgan yuk avtomashinasi IIB YHXB xodimlari bilan hamkorlikda to‘xtatilib, yuk hujjatlari tekshirildi.

Tekshirish davomida ushbu sisterna davlat mulki ekanligi, hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda sotilganligi aniqlandi. Hokimlik tomonidan mol-mulk joyiga qaytarildi, deya xabar bermoqda viloyat hokimligi axborot xizmati.

Kecha viloyat hokimligida viloyat sektor rahbarlari va soha mutasaddilari ishtirokida ushbu masala atroflicha muhokama etilgan.

Muhokama jarayonida ushbu sisterna viloyat transport boshqarmasi muassisligidagi “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi balansida bo‘lib, noqonuniy ravishda 9 million so‘mga sotilganligi ma’lum qilingan.

Ma’lumot o‘rnida esa “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasiga viloyat transport boshqarmasi buyrug‘i bilan 2022 yil 17 iyunda Z.Jamilov rahbar vazifasiga tayinlanganligi, Z.Jamilov esa korxonada tunu-kun qorovullikni tashkil etish uchun Buxoro viloyatida yashovchi D.Aliyevni hech qanday hujjatlarsiz, noqonuniy ravishda qorovullik vazifasiga qabul qilganligi bildirilgan.

Muhokamada so‘z olganlar viloyat transport boshqarmasi buyrug‘i bilan “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasiga Buxoro viloyatida ishlagan xodim rahbar etib tayinlanishi, qolaversa, ushbu rahbar tomonidan o‘ziga oldindan tanish bo‘lgan Buxoro viloyatida yashovchi fuqaroning qorovullikka ishga olinishi tizimda tanish-bilishchilik boshlanganligidan dalolat berishini bildirgan.

Muhokama yakunida “Samarqand yo‘lovchi trans” davlat korxonasi rahbarining vazifasiga loyiqlik masalasi ko‘rib chiqilishi va holatga viloyat prokuraturasi tomonidan huquqiy baho berilishi bildirilgan.