Temiryo‘l transportida yo‘lovchilarga qulaylik yaratish masalalari muhokama etildi
Samarqand shahrida MDH yo‘lovchi tashish xo‘jaligi komissiyasining 31-yig‘ilishi o‘z ishini boshladi.
Unda MDH temiryo‘l transporti kengashi direksiyasi, hamdo‘stlik mamlakatlarining temiryo‘l transportida yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlari mas’ullari ishtirok etdi.
MDH temiryo‘l transporti kengashi direksiyasi raisi o‘rinbosari Oleg Nikitin, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati direktori Sharofiddin Qodirov yo‘lovchi tashish xo‘jaligi komissiyasining navbatdagi yig‘ilishi va mazkur tadbir doirasida o‘tkaziladigan konferensiyaning ahamiyati, bugungi kunda hamdo‘stlik mamlakatlarida ichki va xalqaro yo‘lovchi tashish borasida erishilayotgan natijalar hamda kelgusidagi vazifalar to‘g‘risida so‘z yuritdilar.
– Pandemiya davrida butun dunyoda, jumladan, MDH doirasida ham temiryo‘lda yo‘lovchi tashishda uzilishlar kuzatildi, ko‘plab muammolar yuzaga keldi, – deydi Oleg Nikitin. – Mana endi tizim sekin-asta izga tushmoqda. Shu bilan birga bugungi taraqqiyot, zamonaviy axborot texnologiyalarining rivojlanib borayotgani yo‘lovchilarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatishni taqozo etmoqda. Ana shunday sharoitda biz xalqaro yo‘lovchi tashishda bir-birimizdan ilg‘or tajribalarni o‘rganishimiz, tizimni raqamlashtirishni jarayonlarini tezlashtirishimiz va bu borada yaqin hamkorlikda ishlashimiz lozim. Mazkur yo‘nalishda O‘zbekistonda boshqalar o‘rgansa bo‘ladigan yaxshi tajriba to‘plangan. 31-yig‘ilishimiz aynan shu masalalarga qaratilgan.
Ta’kidlash lozimki, shu paytgacha MDH va Boltiq bo‘yi mamlakatlarida temiryo‘l yo‘lovchilariga xalqaro yo‘nalishlarda chipta sotish, joylarni band qilish bilan bog‘liq jarayonlar “Ekspress-1”, “Ekspress-2” va “Ekspress-3” elektron tizimlari orqali amalga oshirib kelingan. Ayni paytda foydalanilayotgan “Ekspress-3” tizimini ham takomillashtirish ehtiyoji tug‘ilmoqda.
– “Ekspress-3” tizimining xizmat qilish davri tugab boryapti – deydi Rossiya temiryo‘l transporti ilmiy-tadqiqot instituti huzuridagi “Ekspress” ilmiy markazi direktori Andrey Komissarov. – Biz hammamizga ma’qul bo‘lgan “Express International”ning yangi avlodni ishga tushirmoqchimiz. Bu tizim zamonaviy bo‘lib, yo‘lovchilarga tezkor chipta sotish, MDH hududidagi qatnovlar to‘g‘risida ko‘proq ma’lumot berishda muhim ahamiyat kasb etadi. Bu tizim Rossiyada ishlayapti, o‘zbekistonlik hamkasblarimiz ham bizni qo‘llab-quvvatlamoqda. Yaqin orada MDH davlatlarida bu zamonaviy tizim yo‘lga qo‘yilsa, yo‘lovchilar uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratiladi.
Uch kun davom etadigan komissiya yig‘ilishi va konferensiyada “Express International” yo‘lovchi poyezdlarning xalqaro integratsion tizimini yaratish va uning doirasidagi vazifalarini amalga oshirish, 2023 yilning o‘tgan davrida xalqaro yo‘lovchi tashish bo‘yicha olib borilgan ishlar va Kengash ishchi organlarining oldindan tayyorlangan hujjatlari, qarorlari, murojaatlari loyihalari ko‘rib chiqiladi.
– Komissiyaning navbatdagi yig‘ilishida MDH davlatlari temiryo‘l transporti yo‘lovchi xo‘jaliklari oldida turgan vazifalar, chipta sotish tizimini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqilmoqda, – deydi “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” aksiyadorlik jamiyati tijoratni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Voris Sattorov. – Bunda milliy ekspress tizimini yaratish orqali MDH davlatlarida mavjud ekspres tizimiga integratsiyalash va uni yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sohani raqamlashtirish natijasida yo‘lovchilarning chiptalarni elektron tarzda sotib olish imkoniyatlari oshmoqda. Bizda bugungi kunda elektron tarzda chipta xarid qilish 43 foizga yetdi va yaqin yillarda bu ko‘rsatkich yana ham oshiriladi. Konferensiyada hamdo‘stlik davlatlaridagi hamkasblarimiz bilan bu borada fikr almashib olamiz.
Tadbir yakunlari bo‘yicha xalqaro va ichki qatnovli poyezdlar uchun MDH hududida elektron sayohat hujjatlarini amalga oshirishni rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladigan bayonnoma imzolanadi.
Shuningdek, MDH va Boltiq bo‘yi davlatlarining temir yo‘l ma’muriyatlari o‘rtasida xalqaro yo‘lovchi tashish sohasidagi hamkorlik, yo‘lovchi tashish xo‘jaliklari oldida turgan dolzarb masalalar ko‘rib chiqiladi.