Hududlarda aholi nima uchun jamoat transportidan keng foydalanmaydi? Asosiy muammolar aniqlandi

Ushbu masala Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan tahlil qilindi.

Olingan statistik ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatimiz bo‘yicha kuniga qariyb 20 million yo‘lovchidan bor-yo‘g‘i 4,4 million nafari yoki 22 foizi jamoat transportidan foydalanmoqda.

Bu ko‘rsatkich Andijon, Qashqadaryo, Namangan, Xorazm, Samarqand, Farg‘ona, Buxoro va Toshkent viloyatlarida bundan ham past.

1 200 ta qishloq tuman markazigacha bo‘lgan yo‘nalishda jamoat transporti bilan qamrab olinmagan. Avtobuslar bilan ta’minlanganlik darajasi har 100 ming aholiga 24 tani tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich Surxondaryo, Qashqadaryo, Namangan va Andijonda 15 taga ham yetmaydi.

Tumanlardan viloyat markazlariga qatnovchi avtobuslar eskirgan, ayrimlari xizmat muddatidan ortiq foydalanilmoqda. Viloyat markazlaridan poytaxtga qatnovchi jamoat transportlari yuqori narxlarda xizmat ko‘rsatmoqda.

Bunga aholining avtobuslar bilan ta’minlanganlik darajasi pastligi hamda sog‘lom raqobat muhitining mavjud emasligi sabab bo‘lmoqda. Shu bois aholining aksariyat qismi yengil turdagi avtomobil transportida harakatlanishni afzal ko‘rmoqda.

Shuningdek, hududlarda jamoat transporti to‘lovlarini to‘lash uchun yagona amaliyot yo‘lga qo‘yilmagan va asosan naqd puldan foydalaniladi hamda umumiy tarif kartasini joriy qilish masalasi ochiqligicha qolmoqda.