Sifatsiz televizor yangisiga almashtirib berildi

Kundalik hayotda har birimiz iste’molchimiz. Gohida huquqlarimiz buzilib, kimga murojaat qilishni bilmaymiz, biroq tegishli davlat organida iste’molchilarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Misol uchun, Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasiga Samarqand shahar, Shohobod ko‘chasi, 10-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro A.Haydarovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga “Ishonch telefoni” orqali qilgan murojaati kelib tushgan.

Murojaatda fuqaro Samarqand shahrida joylashgan “Texnositi” MChJ faoliyatidan noroziligini bildirib, MChJdan televizor sotib olganligini va u sifatsiz chiqqanligini ma’lum qilib, televizorni yangisiga almashtirib berishda amaliy yordam so‘ragan.
“Texnositi” MChJ rahbari bilan suhbat o‘tkazilib, muloqot jarayonida “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra iste’molchilarning huquqlari va sotuvchilarning majburiyatlari to‘g‘risida tegishli tushuntirishlar berildi.
Shundan so‘ng jamiyat tomonidan bugungi kunda sifatida nuqson yuzaga kelgan televizor qaytarib olindi va iste’molchiga yangi, sifatli televizor berildi.