“Sohibqiron Temurbek” - o‘zbek dostonchiligida muhim qadam
O‘zbek baxshichilik maktabining ulug‘ namoyandalari so‘nggi manzillari obod qilinayotgani, bugun o‘zbek adabiyotining o‘q tomiri bo‘lgan xalq og‘zaki ijodiga e’tibor ushbu yo‘nalishda yangi ijod namunalari dunyoga kelishida muhim zamin yaratmoqda.
Nurobod baxshichilik maktabining yorqin vakili Shavkat Bobomurodovning buyuk Sohibqiron Amir Temur bobomizga bag‘ishlangan “Sohibqiron Temurbek” dostoni ana shu e’tibor mevasi, desak adashmaymiz. Ushbu kitob “Zarafshon” nashriyotida nashrga tayyorlanib, “MEDIA PRINT SAMARQAND” bosmaxonasida chop etildi.
Doston boshdan-oyoq Amir Temur hayotiga bag‘ishlangan bo‘lib, unda hukmdorning harbiy yurishlari, bunyodkorlik ishlari, insoniyligi, ilmiy salohiyati qamrab olingan. Doston bilan tanishib, muallif asarni yaratish jarayonida uzoq izlangani va ishonchli manbalardan o‘rinli foydalanganiga amin bo‘lasiz.
Adolatli hukmdor nafaqat o‘zbek, balki butun turkiy qavmlarning faxri bo‘lgan buyuk jahongir haqidagi ushbu doston faqat baxshi-oqinlar uchungina emas, keng ommaga mo‘ljallangani bilan ham ahamiyatli. Negaki, Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyati haqida bugungacha bu uslubda birorta asar yaratilmagan. Ushbu asar yosh avlodni vatanparvar, adolatli va xalqparvar inson sifatida tarbiyalashda muhim o‘rin tutadi.
Sulaymon MARDIYEV.