Nukusda II Xalqaro baxshichilik san’ati festivali boshlandi
Turli xalqlarning milliy o‘zligini, ularning tili va hayot tarzini, an’ana va urf-odatlarini ifoda etadigan baxshichilik san’ati umumbashariy madaniyatning uzviy qismi sifatida barchamiz uchun qadrlidir. Jahon madaniy merosining bu o‘lmas asarlari bizga insoniyatning naslu nasabi, tarixiy ildizlari, olijanob ideallari bir ekanini, binobarin, turli millat va elat vakillarining kelajak sari intilishlari ham mushtarak ekanini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 10 apreldagi “II Xalqaro baxshichilik san’ati festivaliga tayyorgarlik ko‘rish va baxshichilik san’atini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlarni yaratishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga binoan Nukus shahrida o‘tkazilayotgan II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalida ham har bir hududning o‘ziga xosligi, boshqa yerda uchramaydigan, takrorlanmas jihatlari aks ettirilgan dekoratsiyalar, san’atkorlarning chiqishlari, hunarmandchilik ko‘rgazmalalari barchaning hayratiyu, zavqi, shavqiga sabab bo‘lyapti.
Festival doirasida baxshilar bellashuvi barobarida milliy hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etilgani qadriyatlarimizning o‘ziga xosligini ko‘rsatish barobarida xalqimizning boy tarixga nisbatan hurmatu-ehtiromi baland ekanini namoyon etmoqda.
Mazkur festivalda Samarqand viloyatidan tashrif buyurgan ishtirokchilar uchun ajratilgan hududda ko‘hna Tillakori madrasasi, hunarmandlar rastasi, Samarqand nonlari ko‘rgazmasi namoyish qilinmoqda.
Samarqand viloyati musiqali drama teatri aktyorlari va Narpay, Paxtachi, Ishtixon tuman madaniyat bo‘limlari xodimlari tomonidan Amir Temur va Ulug‘bek siymosi aks ettirilgan sahna ko‘rinishlari, “Maqom” ansambli, “Chavqi” folklor jamoasining chiqishlari, nurobodlik nomdor baxshilar – Abdualim Bekmurodov, Shavkat Bobomurodov, Sayim Ergashevlar tomonidan ijro etilayotgan, mardlik, yaxshilik, halollik, vatanparvarlik, do‘stlik g‘oyalarini targ‘ib qilayotgan doston va termalar tomoshabinlarga manzur bo‘lmoqda.