Sherqo‘zi baxshi: Fozil Yo‘ldosh maktabini yaratishga imkon bo‘ldi
Bulung‘urliklarning yaxshi kunlari, qizg‘in davralari, to‘ylari Sherqo‘zi baxshining termalarisiz o‘tmaydi. Tumanning zabardast baxshisi Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li izdoshlaridan biri sanaladi. Baxshi bugungi karantin davrida bekor o‘tirgani yo‘q. Fozil Yo‘ldosh o‘g‘lining ijodi va hayoti haqida ma’lumot to‘plash, uning termalarini izlash, ularni notaga solish borasida izlanmoqda. Bulung‘urda baxshichilik maktabini yaratishni oldiga maqsad qilgan.
- Anchadan buyon Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li maktabini yaratishni niyat qilib yuruvdim, - deydi baxshi Sherqo‘zi Norbekov. – Chunki baxshining aytish uslubi, do‘mbirani chertishi ham o‘zgacha bo‘lgan. Buni turli xalqaro festivallarda ishtirok etib, turli viloyat baxshilari bilan hamsuhbat bo‘lib, arxiv audio yozuvlarni eshitib amin bo‘lyapman. Aslida dostonchilikning zabardast baxshilari samarqandlik bo‘lgan. Ularning maktabi boshqa vohalarga ham keng tarqalgan. Surxondaryo va boshqa viloyatlarda baxshichilik keng rivojlangani uchun terma va aytishuvlar, dostonlar notaga tushgandek, bo‘g‘inlar tartibli joylashtirilgan. Fozil bobo esa bo‘g‘inlarga emas, mazmunga katta e’tibor bergan. Bo‘g‘inlar tartibsiz bo‘lsa-da, badiiylik, mazmun kuchli ifodalangan. Afsuski, baxshining termalari yozib olingan audiodisklar qayta ko‘chirilmaganligi bois sifati buzilgan. Uning termalaridan, dostonlaridangina o‘rganishimiz mumkin, xolos.
Shuningdek, “Chavqi” ansamblining badiiy rahbari Meliboy Rahimov “Umidli so‘qmoqlar” kitobini yozib qoldirgan. Afsuski, uni topa olmayapman. Ushbu kitobda baxshining hayoti va ijodi haqida batafsil ma’lumotlarni olish mumkin. Chunki Meliboy bobo Fozil Yo‘ldoshning kotibi bo‘lgan. U baxshining ayrim dostonlari, termalari haqida aniq ma’lumotlarga ega bo‘lgan. Fozil Yo‘ldosh yozishni bilmagani uchun dostonlarini, termalarini Meliboy boboga aytib yozdirgan. Baxshining qizlari To‘qsuluv momo bilan suhbatlashganimda, u kishi bergan ma’lumotlar Meliboy Rahimov yozgan ma’lumotlar bilan bir xil ekanligiga guvoh bo‘ldim. Hozir ushbu kitobni izlash va olgan ma’lumotlarimga birlashtirib, Fozil Yo‘ldosh hayoti va ijodini boyitmoqchiman.
Tumandagi bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik yo‘nalishi ochilganiga ko‘p bo‘lgani yo‘q. U yerda tahsil olayotgan yosh baxshilarimiz ham talaygina. Ammo Sherqo‘zi baxshi yana qishloqlarda ham baxshichilik maktabini rivojlantirmoqchi, qobiliyatli yoshlarning iste’dodini shakllantirmoqchi.
- To‘g‘ri, tumanimizdagi bolalar musiqa va san’at maktabida baxshichilik yo‘nalishi ochilgan, - deydi Sherqo‘zi Norbekov. - O‘zim bolalarga saboq beraman. Ammo qishloqlarni aylanib, yoshlar bilan suhbatlashib, shunga amin bo‘ldimki, o‘spirin yoshdagi iste’dodli bolalar talaygina. Qishloq joyda ko‘p hollarda bolalarning qiziqishi, qobiliyati to‘g‘ri shakllantirilmaydi. Ba’zida imkon bo‘lmaydi, ba’zida e’tibor. Shuningdek, bolalar musiqa va san’at maktabiga 6-11 yoshlilar qabul qilinadi. Shunday ekan qishloqlarda faoliyat yuritayotgan madaniyat markazlarida ham baxshichilik maktablarini tashkil etish kerak.
Misol uchun, Dashtkiovul qishlog‘ida istiqomat qiluvchi 2-sinf o‘quvchisi Ravshan baxshilardek ichki ovozga ega. Yoki, 20-17 yoshlardagi yigitlarimiz ham do‘mbirani qo‘liga olib, kuylayapti. Ammo bu yo‘nalishda bilimlarini mustahkamlash uchun bolalar musiqa va san’at maktabiga bora olmaydi. Shuning uchun, Fozil Yo‘ldosh o‘g‘li ijodi asosida Bulung‘ur baxshichilik maktabini yanada rivojlantirishni oldimga maqsad qildim.
Hozir karantin davrida baxshining “Kunlarim” hamda “Alpomish dostonlarini mukammal o‘rganyapman.
Surxondaryolik Safar baxshi, sirdaryolik Dilmurod baxshilardan do‘mbiraning nag‘masini, kuyini o‘rganyapman. Onlayn saboq olyapman va albatta, o‘rganganlarimni shogirdlarimga masofadan turib o‘rgatyapman.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.