Mamay baxshini taniysizmi?
Mamay baxshi Ergashev 1931 yil 25 aprelda Nurobodning Tim qishlog‘ida tug‘ilgan. Bolalik va o‘spirinlik yillari narpaylik Islom shoir Nazar o‘g‘li qo‘lida baxshichilik sirlarini o‘rganib, ustozi bilan birga to‘y-hashamlarda dostonu termalar aytib yurdi. Keksalarning aytishicha, Mamay baxshi Islom shoirdan do‘mbirada yuz xil ohang chalishni o‘zlashtirgan ekan.
Mamay baxshi butun umri davomida paxtakoru g‘allakor, cho‘ponlar davrasida kuylashni kanda qilmagan. Baxshi-shoirlar Respublika tanlovlari va festivallarida doimo sovrindorlar safida bo‘lgan.
Bugungi kunda Pushkin nomidagi Samarqand viloyat axborot-kutubxona markazida Mamay baxshining «Baxshisi bor elning baxti bor», «Oysuluv», «Nurbuloq» dostonlari qo‘lyozmasi saqlanib qolgan. Har bir doston 350 sahifadan iborat.
Mamay Ergashevning akasi Parda, ukasi Jumaboy, tog‘alari Yusuf va To‘lqin ham do‘mbirada binoyidek terma va dostonlar ijro etishgan. Diyor baxshi Yusupov, Xurram baxshi Eshmurodov, Hikmat baxshi Musurmonov ham o‘zlarini Mamay baxshining shogirdlari deb g‘ururlanishgan.
Ijodkor otaxon duradgorligi orqasidan turmush o‘rtog‘i Mabura aya bilan birga yetti o‘g‘il va bir qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan.
Xalqimizda «Ot o‘rnini toy bosadi», «Oqqan daryo oqaveradi», degan naqllar bejiz aytilmagan. Bugun Nurobodda Mamay baxshi maktabi munosib davom etmoqda. Sayim baxshi Ergashev ana shu maktab davomchilaridan biri.
- Oilada beshinchi farzandman, - deydi u. – Otam quvvatdan qolgach, aka-ukalarim ustachilikni davom ettirib, ro‘zg‘orni butlash harakatida bo‘lishdi. Men esa 12 yoshimda padari buzrukvorimning do‘mbirasini qo‘lga oldim. Tunu kun mashq qilib, terma va dostonlar yodlab, to‘yu tomoshalarda aytib yurdim.
Sayim baxshi 40 yildan buyon madaniyat sohasida faoliyat ko‘rsatadi. Bir muddat qishloq madaniyat uyiga rahbarlik qildi. Ayni paytda Tim madaniyat markazida baxshichilik to‘garagini boshqaryapti. U Mamay baxshi izdoshlari Shavkat Bobomurodov, Abdualim Bekmurodov bilan hamkorlikda turli tadbirlarda o‘zbek xalq termalari va dostonlarini kuylab kelmoqda. Termiz va Qarshidagi festivallarda ular san’ati e’tirof etildi. Hatto, Toshkentdagi katta sahnalarda ham ularga navbat berishdi. Ustozlari Hikmat baxshi Musurmonovning 75 yilligiga bag‘ishlab, ular uyushtirgan mushoira baxshichilik an’anasi Nurobodda qizg‘in davom etayotganini namoyish qildi.
- To‘garagimda sakkiz nafar o‘quvchi bor, - deydi Sayim baxshi. – Men ularda Islom shoir va otam shijoatini, ixlosini ko‘ryapman. Bu ishonch menga ham kuch-quvvat bag‘ishlaydi.
E.O‘SAROV.