Tog‘aymurod baxshi: "Boxshichilik, uni tushungan juraklardi larzag‘a soladi"
Samarqand viloyat madaniyat boshqarmasida ishlaydigan Sirojiddin degan do‘stim, “Qo‘shrabot tumanining Qo‘rg‘on qishlog‘i markazidagi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li muzey-majmuasiga borganmisiz?”, deb so‘rab qoldi. Unga shu tumanda tug‘ilib o‘sganimni, qariyb bir yil avval, muzeyning ochilish marosimida ishtirok etganimni aytdim. U esa shu qishloqqa yana bir bor borishimni, keyingi bir yil ichida bo‘lgan o‘zgarishlar, yangiliklardan xabardor bo‘lib, maqola tayyorlashimni taklif qildi.
Hamkasbim, fotomuxbir Baxtiyor Mustanov bilan yo‘lga chiqdik. Yomg‘ir yog‘ayotgan edi. Bu ob-havo suratga olishimizda xalal berishi tayin edi...
Zamonaviy qurilmalar orqali o‘tmishga sayohat
Qo‘shrabot tumani hududiga kirib borishimiz bilan yomg‘ir tindi. Qish bo‘lishiga qaramay, Qo‘rg‘on qishlog‘ida bahor nafasi kezardi. 2019 yilda “Obod qishloq” dasturi doirasida bunyod etilgan va 2020 yil bahorning ilk kunida foydalanishga topshirilgan muzeyga tashqaridan qaraganda hech qanday o‘zgarish sezmadik. Ichkariga kirgach, o‘tgan 11 oy davomida hududda xayrli ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo‘ldik. Muzeyning kirish zalida sensorli monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, har bir sayyoh ular yordamida O‘zbekiston xalq baxshisi Ergash Jumanbulbul o‘g‘li hayoti va ijodi, ustozlari hamda izdoshlari haqidagi videoroliklarni tomosha qilish imkoniga ega bo‘larkan. Shuningdek, bu yerda baxshi va uning nomidagi muzey-majmuaga oid bir nechta surat-lavhalar o‘rnatilgan. Har bir lavhaga “QR-kod”lar joylashtirilgan bo‘lib, mehmonlar qo‘l telefonidan kod orqali maxsus dastur yordamida barcha kerakli ma’lumotlarni olishi mumkin.
Demak, mahallada internet tizimi yaxshilanibdi, “WiFi” hududi tashkil etilibdi. Zamonaviy qurilmalar orqali o‘tmishga sayohat qilish imkoni paydo bo‘libdi.
Bu qishloq uchun eng katta yangilik. Majmuaning ochilish marosimida internet tarmog‘i tugul, oddiy qo‘l telefonimizdagi aloqaning sifatsizligidan qiynalgandik.
Oddiy muallimning sa’y-harakati besamar ketmadi
Muzeyning tashkil etilishiga shu qishloqdagi o‘qituvchi Oydin Sindorov sababchi bo‘lgan. Muallim 20 yil davomida Qo‘shrabot va unga tutash tumanlardagi mingdan ziyod xonadonlarga kirib, baxshiga tegishli va u yashagan davrda odamlar foydalangan kiyim-kechak va uy-ro‘zg‘or buyumlarini yig‘ib chiqqan.
- 1978 yilda, ya’ni baxshi tavalludining 100 yilligi arafasida Oydin aka tomonidan to‘plangan ashyolarni o‘zida jamlagan uy-muzeyi tashkil etilgandi, - deydi muzey ilmiy xodimi Ahmad Sindorov. - Paxsa devordan qurilgan ko‘rimsizgina muzeyning atrofida Ergash Jumanbulbul o‘g‘lining haykali va qabri ham bo‘lib, 2019 yilgacha ularga alohida e’tibor qaratilmagandi. Keyingi yillarda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Muzey uchun yangi bino qurildi. Baxshi haykali va maqbarasi zamonaviy ko‘rinishga keltirilib, bu yerda ko‘rkam majmua, muqaddas ziyoratgoh barpo etildi. Muzeyda bobomiz foydalangan do‘mbira, sandal, hassa, kovush, qamchi, ot egari va boshqa tarixiy ashyolar saqlanmoqda.
Ergash baxshi izdoshlari
Tumandagi 5-son bolalar musiqa va san’at maktabi qoshida baxshichilik sinfi faoliyat olib boradi. Ikki yil avval tashkil etilgan to‘garakda, dastlab ikki nafar bola qatnashardi. Yangi muzey qurilgach, bu yerda to‘garak faoliyatini kengaytirishga sharoit yaratildi. Natijada to‘garak a’zolari soni 3 nafarga ko‘paydi.
Havo iliq kunlari mashg‘ulotlar tabiat qo‘ynida, sovuq paytda esa muzey ichidagi mo‘’jazgina ayvonchada o‘tkaziladi.
- Ikki yildan beri baxshichilik sirlarini o‘rganib kelyapman, - deydi Sunnatilla Tog‘aymurodov. – O‘tgan vaqt davomida do‘mbira chertishni, termalar kuylashni o‘rgandim. Dostonlardan parchalar yod oldim. Turli ko‘rik-tanlovlarda qatnashib, yaxshi natijalarni qo‘lga kiritdim. Kelgusida Ergash bobomdek baxshi bo‘lishni maqsad qilganman.
Sandal atrofida do‘mbira chertdik
To‘garakka Tog‘aymurod baxshi rahbarlik qiladi. Biz borgan paytda u 3 nafar shogirdiga mashg‘ulot o‘tayotgan ekan.
- Do‘mbiraning sehri boshqacha, - deydi Tog‘aymurod baxshi qo‘lidagi soz torlarini chertib. – Boxshichilik, uni tushungan juraklardi larzag‘a soladi. Bundan kuy taralabersa doston va termalarning so‘zlari quyilib kelaberadi. Oyniqsa, Ergash bobom poydalang‘an sandal oldida vo‘tirsam biram ilhamlanib ketaman-yey!
Qo‘lingizdagi do‘mbira ancha ko‘hnaga o‘xshaydi-ya? – deb so‘radim undan.
- Ha, buni qariyb 40 jil ovval narpaylik ustozim Ziyodillo boxshi sovg‘a qig‘an, - deydi u. – Muxbir ukam, menga ko‘p savol berabermang, iltimos. Shu gapirishding o‘rnig‘a bitta terma oyttirsang‘iz yoxshi bo‘lardi!
Davrada yengilgina kulgi ko‘tarildi.
Baxshichilik ifodali she’r o‘qish emas ekan
Baxshi do‘mbira chertib termalardan kuylay boshladi.
- Aha, aha, aha-hey, yehe, yehe, yehe-hey...
Maza qilib termalarni tingladik. Ularning san’atiga qiziqib:
- Men ham do‘mbira chertib, ko‘rsam bo‘ladimi? – dedim.
Baxshi rozi bo‘ldi va o‘rgatmoqchi bo‘lib, yaqinrog‘iga chorladi. Qo‘limdan kelgancha do‘mbira chertishni boshlagan edim, uning shogirdi Sunnatillojon yelkamdan turtib:
- Manov to‘nni kiymasangiz, boshingizga do‘ppini qo‘ndirmasangiz, do‘mbira sizga yarashmayapti, - dedi.
Do‘ppi va to‘nni kiyib, do‘mbira chertib, bolaligimda yod olgan she’rlardan birini kuyga solishga harakat qildim. Yo‘q, uddalay olmadim. Osonmas ekan. Ayniqsa, baxshiyona kuylash. Tomog‘im bo‘g‘ilib qoldi... Ammo, zavqlandim. Ergash baxshining sandali atrofida do‘mbira chertishning gashti boshqacha ekan.
To‘lqin Siddiqov.