So‘ragan edingiz...
“Ishdan bo‘shadim, ammo men bilan to‘liq hisob-kitob qilinmadi...”
— Shifokorman. Yaqinda o‘z arizamga binoan ishdan bo‘shadim, ammo ish beruvchi foydalanilmagan mehnat ta’tillarim uchun to‘lovlarni oxirigacha to‘lab bermadi. Bunga haqi bormi?
T.Murodov Narpay tumani
— O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 172-moddasiga asosan, mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodim bilan hisob-kitob qilinishi kerak va ushbu hisob-kitob xodim tomonidan foydalanilmagan barcha asosiy va qo‘shimcha ta’tillar uchun kompensatsiyalarni ham o‘z ichiga oladi. Agar mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda yoxud mehnat shartnomasida boshqa to‘lovlarni to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, ular ham.
Ish beruvchi tomonidan xodimga tegishli bo‘lgan barcha summalarni to‘lash xodim bilan mehnat shartnomasi bekor qilingan kunda amalga oshiriladi.
Agarda xodim mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ishlamagan bo‘lsa, tegishli summalar hisob-kitob qilish to‘g‘risida xodim tomonidan talab qo‘yilganidan keyin uch kundan kechiktirmay to‘lanishi kerak. Mehnat shartnomasi bekor qilingan xodimga mehnat shartnomasi bekor qilinganidan keyingi davrda biror-bir to‘lovlar (oy, chorak, yil yakunlari bo‘yicha mukofotlar) hisoblangan taqdirda, ushbu to‘lovlar xodim tomonidan tegishli talab qo‘yilganidan keyin uch kundan kechiktirmay amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi bekor qilinganda, xodimga tegishli bo‘lgan summalarning miqdori bo‘yicha nizo chiqqan taqdirda, ish beruvchi unga shak-shubhasiz tegadigan summani ushbu moddaning uchinchi qismida ko‘rsatilgan muddatda to‘lashi shart.
Savolga Samarqand shahar adliya bo‘limi Davlat xizmatlari markazi xodimi Hazrat MEYLIQULOV javob berdi.