Sovuq antitsiklon chinakam qishki ob-havoni olib keldi – bu holat keyingi haftaning boshigacha saqlanadi

Joriy yilning 18 noyabrida O‘zbekistonga Ural hududlaridan juda sovuq antitsiklon, chinakam qishki ob-havoni - qor yog‘ishi va sovuqni olib keldi. O‘zbekiston hududlari bo‘yicha yog‘ingarchilik, asosan qor ko‘rinishida kuzatildi, tog‘ hududlarining ba’zi joylarida qor kuchli bo‘ldi. Faqat respublikaning shimoli-g‘arbiy hududlarida va cho‘l zonalarida yog‘ingarchilik kuzatilmadi. Bu haqda "O‘zgidromet" ma’lum qildi.

Qor yog‘ishi paytida ba’zi joylarda ko‘rinish 50-100 metrgacha yomonlashgan. Yo‘llarni yaxmalak qoplagan. Kechga tomon respublikaning markaziy va sharqiy hududlarida balandligi 6 santimetrdan 14 santimetrgacha, ba’zi joylarda 20-25 santimetrgacha bo‘lgan qor qoplami hosil bo‘lgan. Qor qoplami oldinroq shakllangan tog‘li hududlarda qor balandligi 10-30 santimetrni tashkil etgan.

Havo harorati kun davomida 3-5 daraja sovuq bo‘ldi. Kechasi deyarli barcha joylarda yog‘ingarchilik to‘xtadi, sovuq esa kuchaygan. Toshkent shahrida termometr 9 daraja sovuqqacha, respublikaning ba’zi joylarida 10-13 daraja sovuqqacha, shimolda va cho‘l zonalarida 15-18 daraja sovuqqacha pasaygan. Bunday harorat me’yoriy qiymatlardan (o‘rtacha ko‘p yillik) 10-15 darajaga kam bo‘lgan.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonda noyabr oyining ikkinchi yarmida qor yog‘ishi odatiy hol emas. Yomg‘irning qorga aylanishi va beqaror qor qoplami shakllanishi o‘tgan yil ham qayd etilgan, 2016 yilda esa qor shu kunlarda yog‘gan. Ammo bu davrda bunday past harorat juda kamdan-kam kuzatiladi.

O‘zbekiston hududlarida sovuq ob-havo keyingi haftaning boshigacha saqlanib turadi. Havo harorati kechalari 6-9 daraja sovuq, kunduz kunlari 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo‘lishi kutilmoqda.