Texnik tuz zaxirasi yilda bir marta yog‘adigan qor uchun ham yetmaydimi?
Aftidan, bugun ertalab ko‘pchilik, ishga qatnashda avtobus va taksi muammosiga uchragan ko‘rinadi. Bir necha tanishlarim telefonda ham ishga kela olmagani aytgach, yo‘lning holatini so‘radim, yo‘llar muzlama ekanini aytyapti.
Ayni vaqtda Samarqand shahar ko‘chalarida aksariyat yo‘llarda tuz sepilgani sabab harakatlanish osonroq. Ammo tumanlarning hammasida ham bunday bo‘lmaganga o‘xshaydi. Xususan, Urgut, Past Darg‘om tumanlari, Samarqand shahrining chekkaroq hududlaridagi tanishlarim ertalab yo‘lda qiynalganini aytdi.
O‘zim Toyloq tumanidan Samarqand shahriga keldim. Qizig‘i, Toyloqda markaziy yo‘llarda to‘liq tuz sepilgan. Ammo "Boqiy shahar" majmuasi yaqinidan shaharga o‘tiladigan ko‘prikka mashinada chiqish oson bo‘lmadi – yo‘lga hech narsa sepilmagan. Umuman, ertalab mana shu, Usta Umar Jo‘raqulovday obod ko‘chada bugun ham, kecha ham hech narsa sepilmagani meni hayron qoldirdi. Bunday muzlama bo‘lib qolgan ko‘chalar umid qilamanki shaharda kam.
So‘nggi qordan keyin yo‘llar bo‘yicha muzlamalar uchun “sariq qum” zaxirasini qilish yana esga olina boshlandi. Fikrimcha, bunga hojat yo‘q. Chunki yilda, afsuski, bir yo ikki marta qor yog‘moqda va atigi shu uchun yil bo‘yi yo‘llar yoqasida tuproq uyumi yotishi unchalik ham yoqimli emas. Qolaversa, uning yarmi yoyilib, yo‘q bo‘lib ham ketadi. Modomiki, qor yog‘ishi endi bizda kamyob ekan, maxsus bazalarda tuz va “sariq qum” zaxirasini qilib qo‘yish va qor yoqqan kunlari sepib chiqish kerak. Bunga texnikalarni jalb qilish ozgina muammo demasa, yo‘llar yoqasini to‘ldirishdan osonroq.