Sinoptiklar kuzda kutilayotgan ob-havo bo‘yicha ma’lumot berishdi

"O‘zgidromet" bergan ma’lumotga ko‘ra, sentyabr oyida o‘rtacha oylik havo harorati respublika bo‘yicha me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan 1-1,5 darajaga yuqori bo‘lib, 18-25 darajani tashkil etadi.

Oyning birinchi yarmida harorat asosan kechalari 13-18 daraja, kunduz kunlari 33-38 daraja bo‘ladi.

Oyning ikkinchi yarmida harorat kechalari 13-18darajadan 8-13 darajagacha, kunduz kunlari 30-35 darajadan 23-28 darajagacha o‘zgarib turadi.

Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yordan kam, ba’zi joylarda me’yor atrofida bo‘lishi kutilmoqda (me’yor 3-8 mm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 0,0-2 mm, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 9-28 mm gacha).

Ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarning ayrim kunlari biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin, janubda esa yomg‘ir yog‘ish ehtimoli kam.

Oktyabrda o‘rtacha oylik havo harorati respublika bo‘yicha me’yor atrofida bo‘lib, 10-12 darajani, janubda 16-18 darajagachani tashkil etadi.

Oy davomida harorat kechalari 10-15 daraja iliqdan 3-8 daraja iliqgacha o‘zgarib turadi, oy oxirida 0-2 daraja sovuqgacha bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari 23-28 daraja iliqdan 13-18 daraja iliqgacha o‘zgarib turadi.

Shimolda, oy davomida havo harorati kechalari 8-13 daraja iliqdan 1-6 daraja iliqgacha o‘zgarib turadi, 0-3 daraja sovuqgacha bo‘lishi mumkin, kunduz kunlari 12-17 daraja iliqdan 20-25 daraja iliqgacha o‘zgarib turadi.

Oylik yog‘ingarchilik miqdori me’yor atrofida, ba’zi joylarda me’yordan ko‘p, shimolda va janubda ba’zi joylarda me’yordan kam (me’yor 12-26 mm, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlarida 3-11 mm, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda 27-70 mm gacha).

Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida asosan yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchilik bo‘lishi kutilmoqda.

Noyabrda o‘rtacha oylik havo harorati o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, 2-8 daraja iliqni, janubda 10 daraja iliqni tashkil etadi.

O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchilik me’yorga yaqin bo‘lishi prognoz qilinmoqda, faqat respublikaning janubi-g‘arbida biroz ehtimollik bilan yog‘ingarchilik taqchilligi bo‘lishi kutilmoqda.