20-22 dekabr kunlari yana sovuq havo va qor yog‘ishi kutilmoqda
Respublika Gidrometeorologiya xizmati agentligi taqdim etgan tezkor ma’lumotga ko‘ra, 20-22 dekabr kunlari O‘zbekiston hududiga nam va sovuq havo massalari kirib keladi.
20-21 dekabr kunlari respublika bo‘yicha ba’zi joylarda yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) kuzatiladi, tog‘ oldi va tog‘li hududlarda kuchli bo‘lishi mumkin.
Shamol tezligi ba’zi joylarda 13-18 m/s gacha kuchayadi. 21-22 dekabr kunlari havo harorati kechalari 7-10 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 0-3 daraja sovuqqacha pasayadi. Yo‘llarda yaxmalak kuzatiladi.
Shundan kelib chiqib, sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish, yuzaga kelganda ularning oqibatlarini bartaraf etish hamda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida barchadan hushyorlik talab etiladi.
20-22 dekabr kunlari viloyat, shahar va tumanlar favqulodda vaziyatlar boshqarma va bo‘limlari hamda uning hududiy quyi tizimiga kiruvchi kuch va vositalarining 24 soatlik navbatchiligi tashkil etiladi.
Agarda joylarda ob-havoning keskin o‘zgarishi bilan bog‘liq yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar bilan bog‘liq holatlar kuzatilsa, viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining (66)240-06-01, (66)240-06-02 yoki 1050, 101 telefon raqamlari orqali tezkor boshqaruv markazining navbatchi-dispetcherlik xizmatiga qo‘ng‘iroq qilishingiz mumkin.