Sportni ommalashtirish qanday samara beryapti?

Keyingi besh yilda Samarqandda boshqa sohalar qatorida sport sohasida bir qator islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, 2016 yil 5262 ta sport inshootlari xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning soni 5654 taga yetdi. Shu yilning o‘zida 401 ta sport inshooti (shundan 39 ta mini futbol va sun’iy qoplamali mini futbol maydonchalari) bunyod etildi. Xususan, Samarqand shahridagi “Sug‘diyona” istirohat bog‘ida “Muz saroyi” barpo etilib, foydalanishga topshirildi.

Hozirda viloyat bo‘yicha Samarqand hamda Toyloq olimpiya zaxiralari, 4 ta ixtisoslashtirilgan sport maktabi, 1 ta eshkak eshish sport maktabi, 21 ta sport maktablari, 1 ta futbol mahorat maktabi va 1 ta “Dinamo” PFK futbol maktabi faoliyat ko‘rsatmoqda.

30 ta sport muassasalarida sportning 48 turi bo‘yicha sport to‘garak (seksiya)lariga 28 ming nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida 27 sport turi bo‘yicha to‘garaklarga 104 ming nafar yoshlar qamrab olingan.

Professional sportni rivojlantirish borasida 2016 yil Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tgan XXXI yozgi Olimpiada va XV Paralimpiya o‘yinlari viloyatimizdan 6 nafar sportchilar ishtirok etgan bo‘lsa, 2021 yil 14 nafar sportchilar Tokio (Yaponiya) shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritdi.