Subsidiyalar ajratish vakolati mahallaga o‘tadi
Prezidentimizning 2023 yil 21 dekabrdagi 209-son farmoni bilan joriy yilning 1 martidan boshlab “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratishda byurokratiyadan xoli va mahallaning hamjihatligini aks ettiruvchi yangi tartib joriy etilmoqda.
Unga asosan:
- jismoniy shaxslarni daftarlarga kiritish, shuningdek, daftarlar hamda Aholini tadbirkorlikka jalb qilish jamg‘armasi, Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasi hamda Hunarmandchilik va kasanachilikni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori asosida amalga oshiriladi;
- har oyning 5-sanasiga qadar daftarlar uchun mablag‘larni taqsimlovchi mas’ul tashkilotlar tomonidan jamg‘armalarda shakllangan mablag‘lar daftarlarga kiritilgan fuqarolar soniga mutanosib ravishda tegishliligi bo‘yicha har bir mahalla kesimida taqsimlanadi;
- hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli va ijtimoiy xodim ularga yuklatilgan vazifalar yuzasidan jismoniy shaxslarni tegishli daftarlarga kiritish va chiqarish hamda ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish bo‘yicha hujjatlarni shakllantirib, “mahalla yettiligi”ning boshqa barcha a’zolariga ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish uchun kiritadi;
- “Temir daftar” ijtimoiy himoya milliy agentligi va uning hududiy bo‘linmalari tomonidan yuritiladi. Bunda “mahalla yettiligi”ning faoliyati asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha alohida baholanishi belgilangan. Mazkur ko‘rsatkichlar xodimlarning ish beruvchilari tomonidan O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan holda tasdiqlanadi.