Tadbirkorlar bilan uchrashuvda sohadagi imkoniyatlar ochiqlandi
Samarqand shahridagi yoshlar markazida viloyat hokimi huzuridagi Tadbirkorlar jamoatchilik maslahat kengashining kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
- Samarqand yilning besh oyida sanoat ishlab chiqarish ko‘rsatkichi bo‘yicha respublikamizda yetakchilikni egalladi va rejaga ko‘ra yil yakunigacha bu ko‘rsatkichni 10 foizga yetkazish ko‘zlangan, - dedi viloyat hokimi A.Boboyev yig‘ilish avvalida. – Bu ko‘rsatkichni saqlab turish uchun faoliyat yuritmayotgan korxonalarni o‘rganish, quvvatlardan to‘liq foydalanish, ishlab chiqarishga ilmiy yondashuvni keng jalb etish kerak. Yaxshi mutaxassislarni jalb etgan holda istiqbolli sohalarni aniqlash, eskirgan uskunalarni almashtirish, yangi yo‘nalish va bozorlarga chiqish imkoniyatlarini o‘rganish lozim. Buning uchun o‘zimizdagi kuchli mutaxassislarni shu yo‘nalishga jalb etish yoki xorijdan shunday maslahatlarni olib kelish kerak.
Yana bir masala. Tadbirkorlik, qurilish va yoki boshqa sohada huquqiy savodxonlikni oshirish zarurati yuzaga kelmoqda. Chunki tadbirkor ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi, ishi qonuniy, lekin yerning hujjati to‘g‘ri emas yoki aksincha, biror ishni boshlagan huquqiy tomondan qonunga to‘g‘ri kelmaydi. Fuqaro yoki tadbirkor bir masalada bir eshikka boradi, rad javobi olgach korrupsion harakatlar boshlanadi yoki noqonuniy tarzda ish boshlaydi. Shuning uchun ma’lum to‘lov evaziga bo‘lsa ham kengash qoshida huquqiy maslahat korxonasiga o‘xshash idora ochilsa, tadbirkorlar ariza bilan murojaat qilsa shu yo‘nalishdagi barcha yechimlarga qonuniy asosda ishlash bo‘yicha maa’lumotlar oladi.

Shundan so‘ng viloyat hokimining o‘rinbosari Xurshid Samiyev viloyatda investitsiya kiritib, ishni boshlash mumkin bo‘lgan yo‘nalishlar, ularning hajmlari, miqdori va manzillari, viloyatda ko‘p miqdorda import qilinayotgan mahsulotlar, ularga bo‘lgan talab va o‘zimizda ishlab chiqarish imkoniyatlari haqida ma’lumot berdi.
Yig‘ilishda turizm imkoniyatlari va sohani rivojlantirish yo‘nalishlariga ham to‘xtalib o‘tildi.
Raqamlarga qaraydigan bo‘lsak, 2025 yilda viloyatga 3 milliondan ortiq xorijiy sayyoh kelgan. Yil oxirigacha bu ko‘rsatkichni 6 millionga yetkazish rejalashtirilgan. Misol uchun, Imom Buxoriy majmuasi ochilgandan so‘ng 20 martdan 20 aprelgacha 1356 ming sayyoh kelgan. Majmuada qurilgan mehmonxonalarni sotib olish uchun xorijlik tadbirkorlar tomonidan katta qiziqish bildirilmoqda. Shuningdek ziyorat turizmidan tashqari tibbiy turizm va gastronomik turizmni ham rivojlantirish imkoniyatlari mavjud.
Uchrashuvda tadbirkorlar tomonidan faoliyatida uchrayotgan muammoli masalalar va ularning yechimlari bo‘yicha mas’ullarga topshiriqlar berildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.