Tadbirkorlar homiylikka jalb etilmaydi
Hozirda viloyatimizda 26 mingdan ortiq tadbirkorlik sub’yekti faoliyat yuritmoqda va ularning 8,5 mingdan ortig‘i joriy yilda tashkil etilgan. Tahlillarga ko‘ra, respublikamizdagi 33 milliondan ortiq aholining har 66 nafariga 1 korxona to‘g‘ri keladi. Taqqoslaydigan bo‘lsak, 18 million aholisi bo‘lgan qo‘shni Qozog‘istonda 1 million 200 ming tadbirkor bor va har 15 fuqaroga 1 korxona to‘g‘ri keladi.
Bu ma’lumotlar Samarqand shahridagi Yoshlar markazida viloyat hokimining viloyatimiz tadbirkorlariga qilgan murojaatnomasi mazmun-mohiyatiga bag‘ishlab tadbirkorlar va soha mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan tadbirda bildirildi.
Unda qayd etilishicha, Prezidentimizning 2019 yil 26 iyulda viloyatimizga tashrifi davomida bergan topshiriqlari asosida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun 320 ta loyiha tanlab olingan. Asosiy e’tibor turizmni yangi bosqichga olib chiqish orqali bandlikni ta’minlash, turizm klasterlarini yaratish, qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, mevani quritish, qayta ishlash va eksportni ko‘paytirish bilan mavjud tadbirkorlarni ikki hissaga oshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, agrar sektor tarmoqlarini ko‘paytirish ham 2020 yildagi tadbirkorlikning asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.
- Viloyatimizda 1 million 560 mingdan ortiq mehnatga layoqatli fuqaro bor va ularning 540 ming nafariga Xalq bankidan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchasi ochilgan, xolos, - deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqov. – Afsuski, tadbirkorlik qilib, qonuniy faoliyat bilan shug‘ullanish istagidagi fuqarolar bankdan kredit olish va yer ajratish masalalaridagi to‘siqlar tufayli faoliyat boshlamasdan turib bu sohadan bezmoqda. Ayrim rahbarlar tomonidan tadbirkorlarni behuda yig‘ilishlarga chaqirish, homiylik vazifalarini bajarish holatlari ham uchramoqda. Endi tadbirkorlarni majlisga jalb etish, homiylikka majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Taraqqiyot va farovonlikka faqat tadbirkorlikni rivojlantirish orqali erishamiz. Buning uchun tadbirkorga qulaylik yaratish va yangidan faoliyat boshlayotgan sub’yektlarga yengillik yaratish maqsadida Jomboy tumanida doimiy ishlovchi mini uskunalar ko‘rgazmasi ham tashkil etilmoqda.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV.