Tadbirkorlikning qaysi yo‘nalishlari uchun imtiyozli kredit olish mumkin?

Tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan fuqaro tegishli dasturlar asosida imtiyozli kredit olishi mumkin.

Jumladan, o‘zini o‘zi band qilganlar uchun oilaviy tadbirkorlik, daromad topishga qaratilgan muayyan faoliyat bilan shug‘ullanish va faoliyat turini kengaytirish uchun 6 oydan 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yildan 4 yilgacha muddatga;

Chorvachilik, baliqchilik yoki parrandachilik uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 3 yildan 4 yilgacha muddatga;

Bog‘dorchilik yo‘nalishida bog‘dorchilik (ko‘chatchilik), uzumchilik (tok so‘risi) va limonchilikni tashkil etish, issiqxona qurish, qishloq xo‘jaligi texnikasi va asbob-uskunalarini xarid qilish hamda ularni joylashtirish uchun bino va inshootlar qurish, artezian quduqlarini qazish uchun 3 yilgacha imtiyozli davr bilan 7 yilgacha muddatga;

Mehmonxona xizmati yo‘nalishida oilaviy mehmon uylari, xostellar, o‘tov lagerlari majmuasi, avtokempinglar, ekouylar majmuasi, konteyner shaharchalar va chodirli lagerlar tashkil etish va ularni ta’mirlash uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga;

Hunarmandchilik yo‘nalishida “Hunarmand” uyushmasi a’zolariga asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyo materiallarini xarid qilish, hunarmandchilikni rivojlantirish markazlari, “usta-shogird” maktablarini tashkil etish, uy-muzeylar va ustaxonalar qurish yoki shu maqsadlarda bino va inshootlar sotib olish uchun 3 yildan 4 yilgacha muddatga hamda aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 18 oygacha muddatga;

Attorlar uchun charm-attorlik mahsulotlari, charmdan tayyor kiyimlar, oyoq kiyimlari, sport inventarlari, shuningdek, furnitura, aksessuarlar va mo‘ynachilik mahsulotlari ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun asbob-uskuna, ehtiyot qismlar va xomashyoni xarid qilish uchun 1 yilgacha imtiyozli davr bilan 5 yilgacha muddatga ajratiladi.

Bunda kreditning foiz stavkasi 18 foizni tashkil etadi. Kreditlar oilakredit.uz platformasi orqali ajratiladi. Ariza ham elektron shaklda platformaning o‘zida to‘ldirilishi kerak.

Platformada tadbirkorlikning bir nechta yo‘nalishlari bo‘yicha biznes reja namunalari ham mavjud.

Kreditlar quyidagi maqsadlar (yo‘nalishlar) uchun ajratilmaydi:

- ilgari olingan kreditlarni yoki har qanday boshqa qarzlarni qaytarish;

- alkogol va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish;

- savdo-vositachilikni amalga oshirish (olibsotarlik);

- umumiy ovqatlanish tashkilotlarining aylanma mablag‘larini shakllantirish;

- ishlab chiqarish (xizmat ko‘rsatish) maqsadlari uchun ishlatilmaydigan shaxsiy mulkni (mebel’, uyali telefon, maishiy texnika va boshqalar) sotib olish;

- yengil avtotransport vositalari (ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatishda ishtirok etuvchi kichik mototransport vositalari bundan mustasno), jumladan, yo‘lovchi tashuvchi avtomobillar sotib olish;

- ma’muriy xarajatlarni to‘lash, jumladan, xizmat avtomobillari ta’minoti;

- bino va inshootlar sotib olish va qurish.

Javohir TO‘RAYeV, Kattaqo‘rg‘on tumani yuridik xizmat ko‘rsatish markazi bosh yuristkonsulti.