Talabalar appelyasiya instansiyasida ko‘rilayotgan ochiq sud majlisida qatnashdi

Yaqinda viloyat sudi sudyalari SamDU huquqshunoslik fakulteti talabalari bilan uchrashuv o‘tkazgan va mazkur tadbirda kelgusi uchrashuv viloyat sudida o‘tkazilishiga kelishib olingan edi.

Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 29 yilligi oldidan Samarqand viloyat sudi tashabbusi bilan “Konstitutsiya va odil sudlov” mavzuida yangi formatda “ochiq eshiklar kuni" o‘tkazildi.

Tadbirga SamDU huquqshunoslik fakulteti hamda Samarqand yuridik texnikumi talabalari taklif etildi. Talabalarni viloyat sudi sudyalari Bahodir Aliqulov, Hulkar Keldiyorova, Bekzod Jumaboyev va sud xodimlari kutib oldi.

Dastlab viloyat sudi sudyasi B.Aliqulov talabalarga viloyat sudi faoliyati haqida umumiy tushuncha berdi. Shundan so‘ng, talabalar kichik guruhlarga bo‘linib, viloyat sudi sudyalarining ish kabinetlariga kirishdi, bevosita ish faoliyati bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Sudyalar sud-huquq sohasida ishlash katta sharaf ekanligi bilan birga, ulkan mas’uliyat talab qilishini, buning uchun kuchli bilim, kasbga sadoqat, fidoyilik va tinimsiz o‘z ustida ishlash lozimligini bildirishdi.

Kichik anjumanlar zalida ustozlarning ibratli hayot yo‘li misollar bilan e’tirof etildi.

Majlislar zalida viloyat sudi sudyalari Bekzod Jumaboyev va Hulkar Keldiyorova talabalar bilan davra suhbati o‘tkazib, sud tizimidagi so‘nggi o‘zgarishlar, shuningdek, viloyat sudi faoliyati va tuzilmasi haqida tushuncha berdi. Davra suhbati rasmiylikdan yiroq, samimiy va do‘stona tashkil etilgani sababli talabalar ham juda faol ishtirok etdi.

Shundan so‘ng talabalar ikki guruhga bo‘linib, viloyat sudi appelyasiya instansiyasida ko‘rilayotgan ochiq sud majlislarida ishtirok etdi. Bu tadbir talabalarda katta taassurot qoldirdi, chunki ular haqiqiy sud jarayonida ishtirok etib, olayotgan nazariy bilimlarini amaliyotdagi ko‘rinishining guvohi bo‘lishdi.

“Nazariya va amaliyot uyg‘unligi - muvaffaqiyat omili” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirda hayajon bilan ishtirok etgan har bir talaba tanlagan kasbiga bo‘lgan mehri oshib, yanada shijoat bilan o‘qish, o‘rganishga, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilishga va’da berdi.