Talabalar sportda bellashdi
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 32 yilligi munosabati bilan O‘zbekiston – Finlandiya pedagogika institutida talabalar o‘rtasida sportning 14 turidan musobaqalar bo‘lib o‘tdi.
Bellashuvlarda uch ming nafardan ziyod talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Ayniqsa, “Talaba yugur” musobaqasi doirasida kross, uzoq va qisqa masofalarga yugurish bahslarida talabalar faol bo‘ldi.
Musobaqalar natijasiga ko‘ra, institutning jismoniy madaniyat va sport fakulteti jamoasi talabalari umumjamoa hisobida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
— Konstitutsiyamizning 32 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan bu musobaqa kurashlarga boy bo‘ldi, — deydi pedagogika, jismoniy tarbiya va sport fakulteti dekani, dotsent Matlab Rahimov. — Musobaqani o‘tkazishdan maqsad talabalar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini barqaror yaratish, jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan.
Mirzoulug‘bek Yusupov,
O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika
instituti jismoniy tarbiya va sport
kafedrasi katta o‘qituvchisi.