“Tank biatloni” xalqaro musobaqasiga O‘zbekiston armiyasi tankchilarining asosiy tarkibi saralab olindi (foto)

Markaziy harbiy okrugga qarashli “Forish” tog‘ dala o‘quv maydonida 8 ta tankchilar jamoasi o‘rtasida musobaqa bo‘lib o‘tdi. Bu haqda harbiy jurnalist, kapitan G‘ayrat Madrahimov ma’lum qildi.

O‘zbekiston armiyasi “Armi-2019” Xalqaro musobaqada 13 ta yo‘nalish bo‘yicha qatnashgan edi. “Tank biatloni” musobaqasi o‘zbek tankchilari ilk marta qatnashib, birinchilikni qo‘lga kiritgani ayni haqiqat. Bu safargi raqib jamoalar eng professional va anchagina nomdor ekanligini inobatga olish lozim. Sababi, halqaro musobaqa shartlariga ko‘ra, “Tank biatloni” yo‘nalishi ikki bosqichda - ilk marta qatnashayotganlar hamda ikkinchi va ko‘p bora ishtirokchi tank ekipajlariga bo‘linadi. O‘zbekiston tankchilari esa xalqaro darajadagi musobaqaga 5 oy oldin tayyorgarlik ko‘rishni boshladi. Demak, yutuqlar ham salmoqli bo‘ladi.

Yakka tarzdagi poyga mashqlarida ustunlar orasidagi va portlovchi mina to‘siqli yo‘lakdan o‘tish, tankka qarshi chuqurlik, suvli to‘siq, yo‘lakli ko‘prik maketi, eskarp ko‘prigi, qiyalik hamda qo‘rg‘on kabi 10 ta asosiy elementlar bajarildi.

Shuningdek, musobaqa shartida 600 metrdan to 1800 metrgacha bo‘lgan har xil shakldagi 7 ta nishonlar yakson qilinishi ko‘zda tutilgan.

Jamoalarning har birida xalqaro toifadagi musobaqaga qatnashish istagi kuchli. Chunki ular tomonidan dunyo armiyalari tankchilari o‘rtasidagi chempionatda g‘oliblik qo‘lga kiritilsa, okrug, mudofaa vazirligi hamda xalqaro darajada shon-shuhratga, navbatdan tashqari harbiy unvon va bir qator imtiyoz hamda taqdirlanishlarga sazovor bo‘ladi.

Okrug miqyosida eng ilg‘or tank ekipajini saralab olish oson bo‘lmadi. Kichik serjantlar G‘.Absamatov, O‘.Sobirov hamda A.Hayrullayev boshqaruvidagi tank biror to‘siqqa urilmasdan 26 daqiqa 38 soniyada marrani bosib o‘tib, 1-o‘ringa munosib topildi.

Leytenant J.Ro‘ziyev, serjant J.Imomnazarov, ShAHX oddiy askar Sh.Do‘stmurodov esa ustunlar orasidagi yo‘lakdan boshqa barchasini musobaqa shartlarida ko‘rsatilgandek, 30 daqiqa, 13 soniyada bajarib ikkinchi bo‘ldi.

3-o‘rinda esa 32 daqiqa 14 soniya bilan kichik serjant A.Nazirov, A.Akbarov hamda ShAHX oddiy askar N.Jumayev nazoratidagi tank olovli yo‘llakdan boshqa barcha elementlarni to‘liq bajarib, marra chizig‘idan o‘tdi.

Boshqa jamoalar ham faxrli o‘rin uchun jiddiy kurash olib bordi. Saralashdan o‘tgan okrug tankchilari Mudofaa vazirligi jamoasining asosiy qismini tashkil etdi hamda O‘zbekiston armiyasi sharafini xalqaro musobaqaning bir yo‘nalishida himoya qiladigan bo‘ldi.