Koronavirus pandemiyasini bartaraf etish uchun 1000 kishiga mo‘ljallangan Harbiy-tibbiy gospital tashkil etildi (foto)

Koronavirus tufayli xalqimiz jiddiy sinovli damlarni boshdan kechirmoqda. Ayni vaziyatda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi ham koronavirus Covid-19 kasalligiga qarshi kurashish maqsadida bor imkoniyatlarni safarbar etishga tayyor.

Respublika maxsus komissiyasining qaroriga ko‘ra, 24 mart tungi soat 00:00 dan boshlab Toshkent shahriga boshqa hududlardan kirish-chiqish taqiqlandi. Nazorat-o‘tkazuv punktlarida harbiy xizmatchilar 24 soat davomida navbatchilik qilishmoqda, karantinga olingan hududlarni qo‘riqlashni amalga oshiryapti.

Toshkent harbiy okrugiga qarashli umumqo‘shin poligonida tashkil etilgan 1000 kishilik Harbiy-tibbiy gospital ana shunday maqsadlarga xizmat qiladi.

Bu yerda qabul-saralash, sanitar-o‘tkazish, sanitar ishlov berish, izolyasiya kabi bo‘limlar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Gospitalda rentgen, elektrokardiografiya, ultratovush tekshiruvi, o‘pka to‘qimalarini tekshiruvdan o‘tkazish punkti, umumiy qon va peshob tahlili, biokimyoviy tahlil laboratoriyalari hamda harbiy-tibbiy mobil markaz mavjud bo‘lib, kelgusida Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy-klinik gospitalining malakali shifokorlari faoliyat olib boradi. Ayniqsa, dala sharoitidagi gospitalning qabul-saralash punktida o‘rnatilgan biaboks kasallik tarqalishining oldini olishda juda samarali qurilmadir.

– Mazkur biaboksimiz o‘ta yuqumli kasallikka chalingan yoki ana shu holat bo‘yicha shubha qilinayotgan bemorni saqlash uchun mo‘ljallangan. Bunda birinchidan, tashqi muhitdagi boshqa insonlarga, ikkinchidan, shifokorlarga ham infeksiya yuqish xavfining oldi olinadi, – deydi Mudofaa vazirligi Markaziy harbiy klinik gospitalining boshlig‘i, tibbiy xizmat polkovnigi Xudoyqul Rahimqulov. – Bu qurilmada bemorni hatto sutkalab saqlash mumkin. Bemorga zarur muolajalarni qilish, kislorod berish, ovqatlantirish kabilar ham qurilma tashqarisidan turib amalga oshiriladi.

Shuningdek, o‘ta yuqumli kasallikka chalingan bemorni bir manzildan ikkinchi manzilga yetkazishga mo‘ljallangan tibbiy zambil ham e’tiborimizni tortdi.

– Ushbu zambil orqali bemorni 72 soatgacha belgilangan tibbiyot muassasasiga yetkazish imkoniyatimiz mavjud, – deydi polkovnik Xudoyqul Rahimqulov.

Mutaxassisning ta’kidlashicha, maxsus zambilda bemorga havo yetkazib beruvchi kichik qurilma mavjud bo‘lib, u zaryadlanadigan batareya orqali ishlaydi. Zambilda bemor muhofazalangan holatining o‘zida unga muolaja qilish ham mumkin.

Dala o‘quv maydonining boshqa bir qismida bemorlar uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lgan chodirlar ham o‘rnatildi. Ularda karantinda saqlanayotgan fuqarolar ovqatlanishi, yuvinishi, dam olishi va boshqa qulayliklardan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, bu yerda ona va bolalar uchun maxsus joylar tashkil etildi.

Albatta, bunday sinovli kunlarda har bir vazirlik va idora, har bir fuqarolarimiz tezroq ushbu ofatning chekinishi uchun o‘z hissasini qo‘shmoqda. Xalqimizning, “kasalni davolagandan ko‘ra, uning oldini olgan ma’qul”, degan naqli ayni hayotiy haqiqat. Mudofaa vazirligi Radiatsion kimyoviy-biologik muhofaza qo‘shinlari tomonidan poytamizdagi bozorlar, savdo va ko‘ngilochar markazlar va boshqa odam gavjum bo‘ladigan 20 ga yaqin ob’yektlarda amalga oshirilgan dizenfeksiya ishlari yurtdoshlarimizning minnatdorligiga sabab bo‘ldi.

 

Jahon tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda eng samarador usullardan biri qat’iy intizom va belgilangan qonun-qoidalarga rioya qilish. Barcha mutasaddi tashkilotlar, jumladan, Vatan posbonlari xalqimiz manfaati, salomatligi yo‘lida xizmatda ekan, fuqarolarimiz ham ushbu kasallikning oldini olishda imkon qadar joriy tartib-qoidalarga rioya qilishlarini so‘rab qolamiz.

Bobur ESONOV,

Mudofaa vazirligi axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamenti.