Tashqi ishlar vazirligi o‘zbekistonliklarni xavfli virusdan ogohlantirdi
O‘zbekiston TIV Xitoyda tarqalgan virus sabab hamyurtlarimizga murojaat bilan chiqdi.
O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasi bergan ma’lumotga ko‘ra, Xitoy rasmiy idoralari Uxan shahrida (Xubey provinsiyasi) tarqala boshlagan pnevmoniya virusining (koronavirusning) yangi shaklidan 2020 yil 20 yanvar holatida jami 4 kishining vafot etganini xabar qilgan.
Xitoyning mas’ul idoralari Uxan shahrida 136 nafar yangi kasallanish holatini aniqlagan. Pekin va Shenchjen shaharlarida bemorlarning aniqlangani ilk bor tasdiqlandi. Xitoyning Gonkong maxsus ma’muriy hududida ham 90 dan ortiq kasallanish holati ro‘yxatga olingan.
Yangi koronavirusni yuqtirganlar Tailand, Yaponiya va boshqa davlatlarda ham aniqlangan, Vetnam va Singapurda ayrim bemorlarning ushbu virus bilan kasallanganligi gumon qilingan.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda TIV Konsullik-huquqiy departamenti xorijda bo‘lib turgan yoki chet elga, xususan, Xitoyga borishni rejalashtirayotgan vatandoshlarimizni zaruriy ehtiyot choralarini ko‘rishga chaqirgan.