Tibbiyotchilar tumanlarda nimani targ‘ib qilishyapti?
Avval xabar berganimizdek, Samarqand davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan institutning bir guruh professor-o‘qituvchilaridan tuzilgan targ‘ibot guruhi Ishtixon va Payariq tumanlarida bo‘lib, aholi bilan uchrashdi va tibbiy ko‘riklar o‘tkazdi.
Ular tumanlardagi mahalla va qishloqlarda davra suhbatlari tashkil etib, aholi orasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash hamda to‘g‘ri ovqatlanish mavzularida ma’ruzalar qilishdi.
- Aholi o‘rtasida tashkil etilgan qator tibbiy ko‘riklarda, xususan, ayollar va bolalar o‘rtasida oshqozon-ichak, qandli diabet, yurak-qon tomir, ko‘z va ayollar xastaliklari kabi yuqumli bo‘lmagan kasalliklarga chalinganlar soni ko‘payganligi ma’lum bo‘lgan edi, - deydi SamDTI prorektori, dotsent N.Abdullayev. – Shu sababli guruhlarimiz oldiga aholini kasalliklardan davolashdan ko‘ra uni oldini olishni targ‘ib qilish asosiy maqsad qilib qo‘yilgan. Shuningdek, salomatlikni mustahkamlashda jismoniy faollikni kuchaytirishga ko‘proq ahamiyat berish lozim. Nafaqat umumiy ovqatlanish maskanlari va ta’lim-tarbiya muassasalarida, balki xonadonlarda ham kishilarning ovqatlanishni to‘g‘ri tashkil etishiga e’tibor qaratishimiz kerak.
Tibbiy ko‘rik davomida kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar farzandlariga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun institutning 1-son klinik shifoxonasiga tibbiy yo‘llanmalar berildi.
Dilmurod TO‘XTAYEV.