Til ajdodlar merosini avlodlarga yetkazuvchi ulug‘ karvon
1705 yil Parijda chop etilgan “Mo‘g‘ullar imperiyasining umumiy tarixi” nomli kitobda XVI asrda Akbarshoh tomonidan o‘tkazilgan bir g‘aroyib tajriba haqida yozilgan.
Asarda ta’kidlanishicha, ulug‘ shoh “Biron bir tilga o‘rgatilmagan odamning tabiiy tili yahudiy tili bo‘ladi”, degan g‘ayriilmiy gapni eshitib qoladi. Shunda Akbarshoh bolaga hech qanday til ataylab o‘rgatilmasa, u chindan ham qaysi tilda gapiradigan bo‘lishini bilishni istaydi. Ana shu maqsadda shoh 12 nafar emizikli bolani ajratib olib, Agradan olti mil uzoqlikdagi qal’aga joylashtiradi, ularni tarbiyalashni 12 nafar soqov enagaga topshiradi. Tilsiz qorovulga qal’a darvozasini ochish qat’iyan taqiqlanadi. Bolalar o‘n ikki yoshga yetganda, shoh ularni huzuriga keltirishni buyuradi va saroyga barcha tillarni biladigan donishmandlarni ham taklif etadi. Agrada yashaydigan yahudiy bolalar chindan ham yahudiycha gapirish yoki gapirmasliklariga hakamlik qilishi kerak edi. Agrada arablar va xaldey (somiylardan bo‘lgan qadimiy xalq)lar bisyor edi. Hind faylasuflari bu bolalarning tili sanskrit (qadimgi hind tili)cha bo‘lib chiqadi, deb hisoblardi.
Ammo bolalar shoh huzuriga keltirilganda, barcha hayratdan tosh qotib qoladi. Chunki ular hech bir tilda gapirmas edi. Bechoralar o‘z enagalaridan fikrlarini faqat turli imo-ishoralar bilan ifodalab, hech qanday tilsiz muomala qilishni o‘rgangandi. Ular bu notanish, begona jamoadan qo‘rqib turardi. Ochilmay tug‘ilgan bu tillarning tugunini yechmoq tamoman mushkul, ularga nutq tovushlarini ayttirmoq zamoni o‘tib bo‘lgan edi.
Dunyo tilshunoslarining ta’kidlashicha, nafaqat tilni o‘zlashtirish, balki tilning ibtidodan paydo bo‘lishi ham muayyan jamoada birovning boshqasiga nimanidir aytishi, nimagadir undashi, o‘zining muayyan hissiy holatini bildirish kabi ehtiyoji mahsulidir. Qisqacha aytganda, jamoa - jamiyat bilan bog‘liq. Demak, tilning takomili, taraqqiyotini, shaxsning ma’naviy-madaniy tafakkuri, ajdodu avlodlarining zamonlar osha vorisiyligidagi qiyossiz o‘rnini jamiyatsiz anglash mutlaqo mumkin emas.
Til xalqni birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, uning urf-odati va an’analarini saqlaydi. Shunday ekan, ona tilimizning xalqaro miqyosdagi nufuzini oshirishga uni milliy va umumbashariy tushunchalar asosida boyitishga, taraqqiy etgan tillar qatoriga qo‘shishga harakat qilish har bir fuqaroning muqaddas burchi bo‘lishi kerak.
Til xalqning o‘tmishi va bugunini bog‘lovchi mustahkam ko‘prik, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazib beruvchi ulug‘ karvon.
Anvar SOBIROV,
Sharof Rashidov nomidagi SamDU Kattaqo‘rg‘on filiali pedagogika va tillarni o‘qitish fakulteti dekani.