Jomboyda ham uzum yetishtirsa bo‘larkan yoxud bir gektar yerdan 625 million so‘m daromad
Buni Eski Jomboy mahallasida yashovchi usta dehqon Ubaydulla Mamatqulov tashkil etgan “Gulnigor nurli dalasi” fermer xo‘jaligi a’zolari isbotladi.
- Tumanda jami 143 gektar maydonda uzum yetishtiriladi, - deydi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining tumandagi loyiha ofisi mutaxassisi Umid Hasanov. – Uzumzorlarning 11 gektari voyishlardan iborat, ya’ni Oltiariq tajribasi asosida hosil olinyapti. Shu yil yana 6 gektar maydonda shu usulda uzum yetishtirish maqsadida tok ko‘chatlari o‘tqazildi.
- Bir paytlar xo‘jaligimizga qarashli 70 gektar maydon mavjud edi, - deydi Ubaydulla Mamatqulov. – Bu yerda paxta, g‘alla va sabzavot mahsulotlari yetishtirardik. Bu bizga biroz qiyinchilik tug‘dirdi. 2015 yildan buyon faqatgina 8,5 gektar maydonda uzumchilik bilan shug‘ullanib kelyapmiz. Toklar hosilga kirgandan keyin kamroq yerdan ham ko‘proq daromad topsa bo‘lishini angladik. Biroq buning o‘zi bo‘lmaydi, albatta. Avvalo, toklarimizni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumani dehqonlari tajribasi asosida parvarishlay boshladik. Shuningdek, har bir tup tokka alohida mehr berdik. Dastlab 6 navli uzum yetishtirgan bo‘lsak, bugungi kunda ularning safiga yana 3 ta, ya’ni Avatar, Burguttumshuq va Oq Rizamat navlari qo‘shildi.
Jomboyda ham uzum yetishtirsa, bir gektar maydondan o‘rtacha 625 million so‘m daromad topsa bo‘larkan.
Qalovini topsang qor ham yonarkan, - deydi U.Mamatqulov. - Odamlar Jomboyda uzum yetishtirib bo‘lmaydi, derdi. Shukurki, biz buning uddasidan chiqdik. Uzum yetishtirgandayam, gektaridan 25-30 tonna hosil olib, yaxshigina daromad topyapmiz.
Keyingi paytlarda mahallada Ubaydulla Mamatqulovdan o‘rnak olib, uzumchilik sirlarini o‘rganib, tomorqasida uzum yetishtirishga kirishayotganlar safi kengayib boryapti.
Yaqinda, “Gulnigor nurli dalasi” fermer xo‘jaligi uzumzorida amaliy seminar tashkil etildi. Unda respublikamizning turli hududlaridan mutaxassislar, dehqonlar qatnashdi. Ishtirokchilar orasida xatto Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlatlari vakillari ham bor edi.
E’zoza Meyliyeva,
To‘lqin Siddiqov,
Baxtiyor Mustanov.