Tinchlik buzilgan, halovat yo‘qolgan, totuvlik qo‘ldan ketgan joydan baraka qochadi

Xotira – muqaddas, qadr – abadiy, tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q. Ajdodlar xotirasiga ehtirom ko‘rsatgan xalqning buguni farovon, ertasi yorug‘ bo‘ladi.

Olis kechmishda sodir bo‘lgan har bir voqea-hodisa keyinchalik mohiyat e’tiboriga ko‘ra tarixiy saboq va xulosaga aylanadi. Millatning barhayotligi va kelajagi mana shu saboq va xulosaga ham bog‘liq bo‘lib, jamiyatning kelgusidagi ma’naviy-axloqiy mavqeini belgilaydi. Har bir millatning o‘zi, olis ajdodlari bosib o‘tgan o‘tmishga doir xotirasining uyg‘oqligi uni ezguliklar sari undaydi. Xotirasi, milliy va diniy qadriyatlari, ajdodlari merosidan judo qilingan xalq esa, shubhasiz, tanazzulga yuz tutadi. Tarix sahifalarida bunga misollar ko‘p.

Inson xotirasi har bir kishining uzoq-yaqin o‘tmish tarixdan, voqea-hodisalardan xabardorligi, o‘z ajdodlarining ezgu amallari, kelajak avlodlarga qoldirgan ma’naviy-ma’rifiy merosidan bahramandligi va ularga amal qilishi demakdir. Bu xabardorlikdan milliy xotira kelib chiqadi. O‘tmish tarixning bugungi kun va ertangi kelajak bilan bevosita bog‘liqligi haqida fikr yuritilganda ayni shu holat ko‘zda tutiladi.

Insoniyat tarixi bir qarashda odamlarning bu yorug‘ olamda tinch-totuv umrguzaronlik qilishi uchun harakatlari, jangu jadallar, taloto‘plar, qirg‘inbarot urushlar, tabiiy ofatlar va yana ko‘p sir-sinoatlardan iboratday tuyuladi. Aslida ham shunday. Ammo tarix sahifalariga naqshlangan beadoq xotiralar ichida eng muhimi — sodir bo‘lgan voqea-hodisalardan, insoniyatning buyuk bunyodkorlik ishlaridan, yaratuvchilik faoliyatidan anglashiladigan xulosalardir.

Istiqlolimizning dastlabki yillaridan boshlaboq xalqimizning asrlar davomida bosib o‘tgan o‘tmish tarixini, ozodlik uchun kurashlari sahifalarini chuqur o‘rganish, bobokalonlarimiz hurmatini joy-joyiga qo‘yish, yosh avlodni ular bilan haqli ravishda faxrlanish ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor berilayotganligi bejiz emas. Bu e’tibor milliy istiqlol g‘oyasining, ma’naviy tarbiya ishining, yosh avlod qalbida vatanparvarlik, istiqlolimizga sadoqat ruhini shakllantirishning bosh maqsadini tashkil etadi. Buning boisi, xotira va qadr tuyg‘usi o‘sib kelayotgan yosh avlod ongiga chuqur singdirilsagina ular qalbida buyuk ajdodlarimizga, keksa avlod vakillariga munosib vorislar bo‘lib yetishish orzusi ro‘yobga chiqadi.

Agar biz o‘tmish ajdodlar xotirasiniulug‘lasak, Vatan ozodligi, millat ravnaqi yo‘lida jon fido qilgan vatandoshlarimizni unutmasak, ularning jasorati va fidoyiligini o‘zimiz, farzandlarimiz uchun o‘rnak deb bilsak, ibratli ishlarini davom ettirsak, keyingi avlodlar ham ayni shunday yo‘l tutadi. Shu bois, ortimizdan kelayotgan yosh avlodni har jihatdan komil insonlar qilib tarbiyalashda, ma’naviy-ma’rifiy ishimizda, olib borayotgan targ‘ibot-tashviqot tadbirlarida va, ayniqsa, safimizga qo‘shilayotgan yoshlar bilan ishlashda, ularning dunyoqarashini, ong-shuurini to‘g‘ri shakllantirishda tarixiy xotiradan, moziy saboqlaridan, alloma ajdodlarimizning meros va o‘gitlaridan, donishmandlarimizning asarlarida bayon qilingan ko‘rsatmalardan  unumli foydalanishimiz zarur.

Bu yilgi Xotira va qadrlash kuni Ikkinchi jahon urushi yakunlanganining 79 yilligiga to‘g‘ri keldi. Yillar urush asoratlarini, beadoq g‘am-anduhlarni bizdan tobora uzoqlashtirmoqda. Janggohlarda qon kechib, urushning jamiki azob-uqubatlariga guvoh bo‘lgan, mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatgan vatandoshlarimiz safi tobora kamayib borayotir. Shu boisdan ularga alohida hurmat-ehtirom ko‘rsatish, urush haqidagi tasavvurlari kitoblar, badiiy, hujjatli filmlar, mo‘yqalam sohiblarining polotnolari ta’sirida shakllanayotgan yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, xotiralarni yozib olish nihoyatda muhim.

Tan olish kerak, keyingi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar zamirida xalqimizning tinch va osuda hayotini ta’minlashga, turmush darajasini yuksaltirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jarayonda keksalar, ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarga ham alohida g‘amho‘rlik ko‘rsatilmoqda.

Joriy yilning 16 aprel kuni davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”gi farmon ham buning yaqqol tasdig‘idir. Bu urush faxriylarini nafaqat moddiy rag‘batlantirish, balki ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvvatlashning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Bayram kunida xalqimiz shu yorug‘ va farovon kunlarga shukronalar aytish barobarida, hayotimizning tinchligi va osoyishtaligi, osmonimizning musaffoligi uchun jangu jadallarda jon olib, jon bergan ajdodlarimiz xotirasi oldida bosh egadi. Ayni chog‘da, bugun hayot bo‘lgan, oramizda yashayotgan, hayoti va boy tajribasi bilan yosh avlodga har jihatdan o‘rnak bo‘layotgan urush qatnashchilarining hurmatini har qancha o‘rniga qo‘ysak arziydi. Ularning ko‘nglini olish, dardiga malham bo‘lish yo‘lida qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilish bugungi avlod uchun ham farz, ham qarz bo‘lmog‘i darkor.

Xotira va qadrlash kunining ma’naviy mohiyati yana shundan iboratki, mamlakatimizda nafaqat urush qatnashchilari, shu bilan birga, ko‘pni ko‘rgan nuroniy otaxon-onaxonlar, ustoz va murabbiylar, o‘z kasbining mohir ustalari to‘g‘risida ham  g‘amxo‘rlik qilinmoqda. Chehrasidan nur yog‘ilib turgan keksa avlod  vakillarining bebaho hayotiy tajribasi biz uchun nihoyatda muhim. Ular hayotimizning ko‘rki, piru-badavlatlik ramzi. Keksalar bilan bamaslahat ish tutish, ularning duosini olish, og‘irlarini yengil qilish xalqimizning ezgu qadriyatlaridan biri hisoblanadi.

Bugungi kunimizning muhim vazifalaridan biri — o‘sib kelayotgan yosh avlodga, aziz farzandlarimizga tinchlik, bu — hayotdagi eng ulug‘ ne’mat ekanligini tushuntirish, ong-shuurlariga singdirishdan iborat. Negaki,  dunyo mintaqalarida urush olovini qayta yoqish, bo‘lingan dunyoni qayta bo‘lib olish, qurolli, irqiy  va boshqa mojarolar chiqarish, xalqlarning osuda hayotiga rahna solish va bundan moddiy manfaat ko‘rish harakatlari hozir ham yo‘q emas. Tinchlik buzilgan, halovat yo‘qolgan, totuvlik qo‘ldan ketgan joydan baraka qochadi, adovat urug‘i vabo yanglig‘ urchiy boshlaydi. Odamlar yaratish, bunyodkorlik faoliyatidan chalg‘iydi. Shu boisdan ham hamisha ogoh bo‘lish, ahil-inoqlikni mustahkamlash, yoshlar tarbiyasiga befarq bo‘lmaslik to‘g‘risidagi da’vatlarni doimo yodimizda tutmog‘imiz va unga amal qilmog‘imiz zarur.

Xotira va qadrlash — har birimizning millat ravnaqi, hayotimizning farovonligi bilan bevosita bog‘liq ezgu niyatimiz va amaliy ishlarimizda ham o‘z aksini topadi.  Biz, shubhasiz, buyuk xotiraga egamiz, ammo buyuk kelajakni xotira bilan faxrlanishning o‘zi bilangina yaratib bo‘lmaydi. Bizdan buyuk ishlar xotira bo‘lib qolishi,  bugungi, kelajakdagi ishlarimiz, ezgu amallarimiz va yutuqlarimiz ham kelgusi avlodlarni yangi zafarlarga ruhlantirishi va ilhomlantirishi lozim.

Xudoyor Mamatov,

yuridik fanlar doktori, professor.