TIV Qozog‘iston chegarasidan o‘tkazib qo‘yishni taklif qilayotganlarga ishonmaslikka chaqirdi
Qozog‘istonning qator hududlarida karantin rejimining yengillashtirilganligi munosabati bilan fuqarolarimiz O‘zbekiston hududiga o‘tish maqsadida “Jibek Joli” – “G‘isht Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktiga kelishmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi va Qozog‘iston Respublikasi chegara va sanitar-epidemiologik xizmatlarining hamkorlikdagi faoliyati natijasida hamyurtlarimizni mamlakatimiz hududiga karantin choralariga amal qilgan holda o‘tkazilmoqda.
O‘zbekistonning Olmaota shahridagi Bosh konsulxonasi “Jibek Joli” nazorat-o‘tkazish punktiga kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ma’lum to‘lov evaziga davlatlararo chegarani kesib o‘tishda ko‘maklashishni taklif qiluvchi turli shaxslarga murojaat qilmaslikka chaqirdi.
Odatdagi tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan “Jibek Joli” – “G‘isht Ko‘prik” nazorat-o‘tkazish punktida hozirda Olmaotadagi Bosh konsulxonaning xodimi ishlamoqda hamda fuqarolarimizga zarur konsullik-huquqiy va boshqa turdagi yordam ko‘rsatmoqda.