To‘qilmagan hikoya yoxud ziyorat

1974 yilning kuzi. Paxta yig‘im-terimi mavsumida nurotaliklar, shu jumladan maktab o‘quvchilari Payariq tumaniga safarbar etildi. Maktabimiz jamoasi Mani qishlog‘iga joylashdi.

Kunlar o‘tib, shundaygina yonimizda ulug‘ ziyoratgoh borligini, u Imom Buxoriy nomi bilan atalishini va qabri mavjudligini eshitdik. Eshituvchilar bu zot haqida hech narsa bilmagani kabi mahalliy aholi ham deyarli shu darajada edi.

O‘sha yillarda Nurota tumani xalq ta’limiga rahbarlik qilgan Ochilboy Navro‘zov yashash sharoitimiz bilan tanishgani Maniga keldi. U kishiga Nurota shahridagi 1-o‘rta maktab direktori Bahriddin Rustamov hamroh edi.

Navro‘zov paytini topib, direktorimiz Istam Boboyorovdan ziyoratgoh haqida surishtirdi. Qisqasi, Navro‘zov bilan Rustamovning asl niyati ziyorat ekanligi anglashildi. Ayrim mulohazalardan keyin Imom Buxoriyning 1200 yilligi tantanali o‘tkazilganligi, unga 28 davlatdan mehmonlar tashrif buyurgani, shundan buyon darvoza va eshiklari barcha uchun ochiqligiga to‘liq ishonch hosil etilgach, ikkilanmay ziyoratga otlanishdi. Ularga tarix fani o‘qituvchisi Hayit Islomov va men qo‘shildik.

Ziyoratgohdan ancha narida ulovdan tushib, ikki tomoniga gul ekilgan yo‘ldan naqshin yog‘och darvozagacha piyoda bordik. Darvozaning har ikki tomonidagi lavhadan arabcha va o‘zbekcha harflarda “Imom al-Buxoriy” majmuasi degan yozuvni o‘qib, “Imom bo‘lgan ekanlar” degan tushunchada ichkariga kirdik.

Majmua xodimlaridan biri tahorat olishimiz lozimligini eslatdi. Bahriddin Rustamov bu masalada “ta’lim” berdi va qabrlariga ro‘baro‘ bo‘ldik.

Shu yerda xizmat uchun o‘tirgan majmua xodimlaridan keksaroq bir otaxon Qur’on tilovat qildi. Duodan keyin atrofni tomosha qilishni boshladik.    

Qabrlari ustiga qurilgan maqbara devorida kirillcha harfda yozilgan ramka ichidagi yozuv e’tiborimizni tortdi. Undan to‘liq nomlari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil ibn Ibrohim ibn al-Mug‘iyra ibn Bardizba ekanligini o‘qidik. Ammo nomlari Muhammad, otalari Ismoil ekanligini aytib berishgandan keyin bilib oldik.

Lavhada “Hadis ilmining peshqadami” degan yozuv ham bor edi. “Hadis” qanaqa ilm?: bir-birovimizga savol berdik. Birov bir narsa deya olmadi. Bizning gumrohligimiz darhol sezildi, ammo shu yerda tilovat qilib turgan otaxon ham “bilmasligini” bo‘yniga oldi va qisiq ko‘zlarini yarim yumib, “domla bilsalar kerak”, deganicha bizdan uzoqlashdi...

Domlaning ism-shariflari Usmonjon Rahimjonov ekan. Xizmat safarlarida ekanligi sababidan uchrasholmadik. Savol ham javobsiz qoldi...

Boshqalarni bilmadimu, men 1990 yilda Toshkentda “Fan” nashriyotida chop etilgan “Axloq odobga oid hadis namunalari” kitobchasini o‘qib, undan keyingina, oradan o‘n olti yil o‘tib savol javobini topganday bo‘ldim...

Qarangki, shu ziyoratda ishtirok etgan beshalamiz ham ma’rifat va ma’naviyat vakillari edik...

Ha, u yillar bu kunlarga o‘xshamas edi...

Suyundiq Mustafo NURATOIY.