Transport bilan bog‘liq muammolar qachon hal etiladi?
Viloyat Matbuot uyida viloyat transport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Qorjovov ishtirokida bo‘lib o‘tgan anjumanda bugungi kunda jamoat transportidagi muammolar yechimi, aholiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritildi.
Unda bugungi kunda viloyatda 394 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlari mavjud bo‘lib, tadbirkorlar tomonidan past rentabelli hamda sarflangan xarajatlarni oqlamagan 50 ta yo‘nalishning faoliyati to‘xtab qo‘yilganligi ta’kidlandi.
Samarqand shahrida 61 ta yo‘lovchi tashish yo‘nalishlaridan 49 tasida 389 ta avtobus, 4 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishida 41 ta mikroavtobus xizmat ko‘rsatib kelmoqda. 8 ta avtobus yo‘nalishlarining faoliyati to‘xtatib qo‘yilgan. Shuningdek, 2571 ta yo‘nalishsiz taksilar aholi uzog‘ini yaqin qilmoqda. 651 ta xalqaro yo‘nalishda litsenziyaga ega bo‘lgan yuk tashuvchi transport vositalari faoliyat olib bormoqda.
- Joriy yilning shu davriga qadar «Shahar, shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish komissiyasi» o‘tkazgan ochiq tenderlarda 88 ta yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi, - deydi J.Qorjovov. - Ularga 70 ta avtobus hamda 18 ta yo‘nalishli taksi yo‘nalishlari joylashtirildi. Qishloqlarni tuman markazlari bilan, tuman markazlarini viloyat markazlari bilan bog‘laydigan yangi 25 ta taksi va 12 ta avtobus yo‘nalishlari tashkil etildi.
Endilikda shahar atrofida, shaharlararo (viloyatlararo) va xalqaro yuk va yo‘lovchi tashish yo‘nalishlarini joylashtirish uchun ochiq tenderlar onlayn tarzda amalga oshiriladi. Hozirda bu borada transport vazirligi tomonidan maxsus dastur ishlab chiqilmoqda. Bu esa tizimda korrupsiya holatlarining oldini olib, shaffoflikni ta’minlaydi.
Samarqand shahrining 54 ta hamda tumanlardan shaharga kirib keladigan (50 km radiusdagi) 46 ta nuqtalarda transport oqimi, 12 ta yo‘l kesmalari va 10 ta asosiy ko‘chalarda transport harakat tezligi o‘rganilib, tahlil qilinmoqda.
Joriy holat bo‘yicha transport modelini shakllantirish maqsadida yo‘l-ko‘cha o‘tkazgichlari bo‘yicha 20476 ta chorraha, 7574 kilometr yo‘l o‘rganilib, geoaxborot bazasiga kiritildi. Shuningdek, 205 ta muntazam yo‘nalishlar, 972 ta transport hududlari, 1995 ta to‘xtash joylari raqamlashtirildi.
Dilmurod To‘xtayev.