“Turar joy dahasi” yo‘l belgisini ko‘rdingizmi — tezlikni 20 km.soatga tushiring
Xalqaro, mahalliy, umuman har qanday yo‘llarga joylashtirilgan belgilar nafaqat haydovchi, balki yo‘lovchi uchun ham muhim.
Qoida tariqasida belgilar va yo‘l ko‘rsatkichlar haydovchi va yo‘lovchi uchun qulay va ko‘rinarli joylarga o‘rnatiladi. Chunki transport vositasini boshqarayotgan haydovchi belgilarga qarab harakatlanadi, aynan bu belgilarga yo‘lovchilar ham amal qilishi lozim.
Ana shunday belgilardan biri bu 5.38 “Turar joy dahasi” yo‘l belgisi hisoblanadi. Bu belgi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 aprelda qabul qilingan “Yo‘l harakati qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 172-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Yo‘l harakati qoidalari”ning 2-ilovasiga muvofiq, yo‘l harakati qoidalarining turar joy dahalarida harakatlanish tartibi o‘rnatilgan yo‘l (turar joy dahasi)larda o‘rnatiladi.
Ushbu yo‘l belgisi ta’sir oralig‘ida amaldagi “Yo‘l harakati qoidalari”ning 78-bandiga muvofiq “...turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi yer uchastkasida) tezlikni soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat berilgan.
5.39 “Turar joy dahasining oxiri” yo‘l belgisi esa turar joy dahalarida harakatlanish tartibi o‘rnatilgan yo‘lning tugagan qismi, ya’ni 5.38 “Turar joy dahasi” belgisining ta’sir oralig‘i tugagan joyni bildirish maqsadida o‘rnatiladi. Ushbu belgidan keyin transport vositalari haydovchilari tezlikni soatiga 70 kilometrdan, tegishli yo‘l belgilari o‘rnatilgan maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga yetmasdan va o‘tib ketib 300 metrdan kam masofada soatiga 30 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Shu kunga qadar, 5.38 “Turar joy dahasi” hamda 5.39 “Turar joy dahasining oxiri” yo‘l belgilari transport vositalari harakat xavfsizligini ta’minlash hamda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini oldini olish maqsadida Samarqand shahrining Qorasuv massivi hamda “Vatanparvar” mahallasiga o‘rnatildi. Bugungi kunda boshqa turar joy dahalariga ham mazkur belgilar bosqichma-bosqich o‘rnatish rejalashtirilgan.
Elbek Maxanqulov Samarqand viloyati IIB JXX YHXB YINQB muhandisi, leytenant.