Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni nima qiynayapti?

Samarqand shahrida Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sardor Niyozovning turizm sohasi mutaxassislari va shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan tadbirkorlar uchun sayyor qabuli bo‘lib o‘tdi.
Qabulda tadbirkorlar faoliyati davomida duch kelayotgan muammolar va tizimdagi kamchiliklar yuzasidan murojaat qildi.
Jumladan, "Bo‘ston Travel" MChJ rahbari Abbos Hazratqulov ekoturizmni rivojlantirish maqsadida tog‘li hududlarda mikroavtobuslar borishiga ruxsat berilgani, lekin aksariyat hollarda ushbu yangilikdan ko‘pchilikning xabari yo‘qligi, bu esa mahalliy va xorijlik sayyohlar uchun noqulaylik tug‘dirayotganini ta’kidladi.
- Bugungi kunda xizmat ko‘rsatayotgan mehmonxonalarning joylashgan o‘rni, quvvati, darajasi va qanday xizmat ko‘rsatishi hisobga olinmayapti, - deydi "El Emir" mehmonxonasi rahbari Bobur Sobirov. - Ya’ni, u oilaviy, butik yoki boshqa turdagi mehmonxonami, ularning soniga qarab penya to‘lanyapti. Albatta, bu nafaqat tadbirkorlar, balki shahrimizga kelayotgan sayyohlar uchun ham noqulay holat. Chunki arzon va qimmat mehmonxonalar o‘rtasida farq bo‘lishi kerak. Shu bois bu jarayonni mehmonxonalarning holatidan kelib chiqib, tabaqalashtirish maqsadga muvofiq.
Gid-tarjimon O‘ktam Rajabov esa parkovkalarda sayyohlar uchun mashina qo‘yadigan joylarni belgilab qo‘yish kerakligini, shuningdek, bozorlarda, diqqatga sazovor joylarda qo‘l yuvish vositalarini o‘rnatishni taklif qildi.
Bundan tashqari, shaharda bankomatlarni yanada ko‘paytirish, nosozlarini ta’mirlash, diqqatga sazovor maskanlar haqidagi ma’lumotlarni yangilash va boyitish, jamoat joylarida hojatxonalarni ko‘paytirish hamda sohaga malakali kadrlarni jalb qilish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Tizimdagi muammo va kamchiliklar turizm qo‘mitasi va viloyat turizm boshqarmasi mas’ullaridan iborat ishchi-guruh tomonidan o‘rganilib, bosqichma-bosqich hal etilishi ma’lum qilindi.
Fazliddin Ro‘ziboyev.