Turkiyada uch kunlik lokdaun e’lon qilindi
Mamlakatda koronavirus tarqalishi kuchayib borayotgani tufayli Turkiya hukumati 23-25 aprel kunlari sutkalik komendantlik soati joriy etdi.
"23 aprel mamlakat bayrami - Milliy mustaqillik va bolalar kuni bo‘lganligi sababli ko‘chaga chiqish cheklovi 22 aprel kuni soat 19:00 da boshlanib, 26 aprel soat 05:00 da tugaydi", deya xabar beradi Turkiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotiga asoslanib «RIA novosti».
Komendantlik soati paytida aholi 10:00 dan 17:00 gacha faqat oziq-ovqat do‘konlari, dorixona va shifoxonalarga borishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq, 12 aprel kuni Turkiya Sog‘liqni saqlash vaziri Faxrettin Xoja respublikada kasallanish o‘sishiga "ikkita muhim salbiy omil" - "noaniqlik charchog‘i" va virus mutatsiyalari ta’sir ko‘rsatayotganini aytib o‘tdi.
Turkiyadagi epidemiologik vaziyat tufayli Rossiya ushbu mamlakat bilan 15 apreldan 1 iyungacha aviaparvozlarni to‘xtatdi.
Worldometer portalining so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, Turkiyada 4,4 milliondan ortiq COVID-19 kasalligi qayd etilgan, 3,8 milliondan ortiq odam sog‘aygan va 36,9 ming kishi vafot etgan.