Turkiyadan keluvchilarga qo‘yilgan karantin talablar bekor qilindi, Istanbuldan Samarqandga aviaqatnovlar tiklanadi

Turkiya Respublikasida epidemiologik vaziyat barqarorlashayotganligini inobatga olib, O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi quyidagilarni ma’lum qildi.

➖Istanbul shahridan Farg‘ona, Urganch va Samarqand shaharlari o‘rtasida aviaqatnovlar 2021 yil 3 iyundan boshlab bosqichma-bosqich tiklanadi;

➖Turkiyaga turistik sayyohlar uchun mo‘ljallangan charter aviaqatnovlar joriy yilning 5 iyunidan boshlab bosqichma-bosqich tiklanadi;

➖ Toshkent-Istanbul yo‘nalishidagi aviaqatnovlar talab va vaziyatdan kelib chiqib joriy yilning 10 iyundan boshlab bosqichma-bosqich tiklanadi;

➖ 14 kun davomida Turkiyada bo‘lgan va ushbu mamlakat orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari va doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni uy yoki mehmonxonada karantinda bo‘lishlari tartibi bekor qilindi.

Eslatma uchun: O‘zbekiston Respublikasiga kelish uchun aviaqatnovga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etish talabi saqlanib qoladi.