Uch oyda 6 mingdan ziyod bola oilaviy bog‘chalarga qamrab olindi
Samarqandda joriy yilning ikkinchi choragida Maktabgacha ta’lim vazirligi bilan 258 nafar tadbirkorlik sub’yekti o‘rtasida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etish uchun bitim tuzildi. Natijada 6450 nafar 3-7 yoshli bolalar sifatli maktabgacha ta’lim bilan qamrab olinishiga erishildi.
Mazkur oilaviy bog‘chalarning asosiy qismi viloyatning chekka hududlarida, bolalar bog‘chasi mavjud bo‘lmagan mahallalarda tashkil etildi.
Prezidentining 2021 yil 10 iyundagi “Qamrov darajasi past bo‘lgan tumanlarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari tarmog‘ini kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlariga mavjud quvvatga qarab 50 nafargacha bolani tarbiyalashga hamda tarbiyalanuvchilar sonidan kelib chiqib 4 nafargacha tarbiyachi va yordamchilar yollashga ruxsat berilishi belgilandi. Mazkur qaror bilan faoliyat yuritayotgan va yangi tashkil etiladigan oilaviy maktabgacha ta’lim tashkilotlari quvvatini 50 nafargacha oshirish hamda 15 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotini tashkil etish orqali 2021 yilda 3-7 yoshli bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichini 80 foizga yetkazish rejalashtirilgan.
Shuningdek, maktabga tayyorlashning bepul tizimi bilan qo‘shimcha 217 ta guruhlarga 7 ming nafar 6 yoshli bola qamrab olinib, ular qamrovi 80 foizdan 90 foizgacha yetkazilishi kutilmoqda.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi axborot xizmati.